Yig‘ilishda oliy ta’lim muassasalarining nufuzi, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati xalqaro ilmiy hamjamiyatda munosib o‘ringa ega emasligi qayd etildi. Ta’lim jarayoniga dunyoda tan olingan fan arboblari, yuqori malakali professor-o‘qituvchilarni jalb qilish yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani tanqid qilindi.

Rektor va prorektorlarni tayinlashda professor-o‘qituvchilarning fikri o‘rganilmayotgani oqibatida yangi tayinlangan rahbarning jamoa bilan ishlash samaradorligi yetarlicha bo‘lmayapti.

Ilm-fanni rivojlantirish, tadqiqotlarni ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish, ilmiy faoliyat natijadorligini oshirish, iqtidorli talabalar ilmiy izlanishlar olib borishi uchun zarur sharoitlar yaratilmagan.

Ta’lim jarayoniga innovatsion metodikalarni joriy etish, o‘quv dasturlarini ishlab chiqarish bilan hamohangligini ta’minlash va eng asosiysi, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish ishlari umuman qoniqarsiz ahvolda.

Oliy ta’lim muassasalari faoliyatini o‘rganish, ularni attestatsiyadan o‘tkazib, akkreditatsiyalash, xujjatlarni nostrifikatsiyalash tartiblari bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermaydi.

«Iqtisodiyot shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda, oliy ta’lim tizimi taraqqiyotning lokomotivi bo‘lishi o‘rniga, biz bilan hamqadam bo‘lmagani achinarli hol. Mehnat bozoridagi tarkibiy o‘zgarishga javob beradigan, yoshlarimizga kasb-hunar o‘rgatadigan, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantiradigan tizim yo‘q desak, bu ham achchiq haqiqat, — dedi davlat rahbari.

Shu bois sohada kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Talabalar qabulining soddalashgan tizimini joriy etish orqali qabul jarayonini kvota tizimidan davlat buyurtmasi va tabaqalashgan to‘lov-kontrakt tizimiga o‘tkazish kerakligi ta’kidlandi. Oliy ta’lim muassasalarining xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, pedagog kadrlarning ilmiy-pedagogik faoliyatini munosib rag‘batlantirish maqsadida markazlashgan moliyalashtirishdan o‘z-o‘zini moliyalashtirish va iqtisodiy mustaqil tizimga o‘tish vazifasi qo‘yildi.

Rektorlar va prorektorlarni tayinlashni soddalashtirish, professor-o‘qituvchilar faoliyatini doimiy baholash, manzilli rag‘batlantirish, mas’uliyat va javobgarligini oshirish tizimini yaratish lozimligi qayd etildi.

Davlat rahbari ta’limdagi eng asosiy tamoyil — bu talabalar bilimini baholash, o‘quv dasturlari hamda mavjud ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish kerakligini ta’kidladi.

Bugungi kunda faoliyat olib borayotgan 1 ming 318 ta kasb-hunar kollejlarini optimizatsiya qilish jarayoni yana bir dolzarb muammodir. Davlatimiz rahbari bu masalaga hali ham aniq yechim topilmaganini tanqid qildi.

Yig‘ilishda mehnat bozoridagi talabni to‘la ta’minlash, qolaversa, yoshlarni ta’lim bilan band qilish maqsadida o‘rta maxsus, kasb-hunar tizimi negizida hududlarning real iqtisodiy yo‘nalishlari asosida oliy ta’limning bakalavriat dasturi bilan integratsiyalashgan «oliy maktab"lar — qisqa muddatda kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan ko‘p tarmoqli ta’lim muassasalari, ishchi kasb egalarini tayyorlash maqsadida yangi o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash tizimini shakllantirish kerakligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston rektorlar kengashining ishiga baho berilar ekan, bu tizimni ham tubdan takomillashtirish vaqti kelgani ta’kidlandi. Rektorlar malakasini baholash, bunda ularning ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy salohiyatiga alohida e’tibor qaratish kerakligi qayd etildi.

Yig‘ilishda mutasaddilarga oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha 2018−2023 yillarga mo‘ljallangan besh yillik konsepsiya ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berildi.

Shu bilan birga, xorijda tahsil olayotgan yoshlarning Vatanga qaytib kelishiga sharoit yaratish maqsadida xorijiy oliy ta’lim muassasalari diplomlarini tan olish va nostrifikatsiyalash tartibini yanada soddalashtirish, oliy ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish va akkreditatsiyalash jarayonini takomillashtirishga qaratilgan hukumat qarori loyihasini tayyorlash vazifasi yuklatildi.