Welcome to Official web site of Tashkent institute of finance   Click to listen highlighted text! Welcome to Official web site of Tashkent institute of finance Powered By GSpeech

A- A A+
  • 1.jpg
  • 2.jpg
  • 6.jpg
  • 16.jpg
  • 55.jpg
  • 77.jpg
  • 100.jpg
  • 101.jpg
  • fon1.jpg
  • fon2.JPG

Hide Main content block

INSTITUT REKTORINING O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI MUNOSABATI BILAN INSTITUT JAMOASIGA BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum, aziz ustozlar, institutimizning professor-o‘qituvchilari, jonkuyar murabbiylar va ishchi-xodimlar!

Aziz o‘qituvchi va murabbiylar, barchalaringizni USTOZ degan sharafli nomni oqlash borasidagi qilayotgan mehnatlaringiz uchun kirib kelayotgan ushbu sana munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

1-oktyabrni O‘QITUVCHILAR va MURABBIYLAR kuni deb belgilanganligi va mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida nishonlanishining zamirida xalqimizning ustoz va murabbiylarga bo‘lgan yuksak hurmati, ularning sharafli va mashaqqatli mehnatiga nisbatan cheksiz ehtiromi mujassam.

Har yili ushbu qutlug‘ ayyomni yurtimizda keng nishonlar ekanmiz, eng avvalo, ko‘z oldimizda bizga birinchi harfni o‘rgatgan, ezgulikdan saboq bergan mehribon muallimlarimiz siymosi namoyon bo‘ladi. Bu ulug‘ bayram munosabati bilan har birimiz barchamizga ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli bo‘lgan mo‘‘tabar zotlar sha’niga eng go‘zal so‘zlar, ezgu tilaklarimizni izhor etishga shoshilamiz. Har birimiz ustoz va murabbiylarimiz qarshisida yuksak qarzdorlik hissi bilan doimo ta’zimdamiz.

Mamlakatimizda kundan-kunga o‘qituvchilik kasbi tom ma’noda qadr va e’zoz topib bormoqda. Ayniqsa, so‘nggi ikki yil mobaynida zamonaviy bilim maskanlarida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchi va murabbiylarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish bo‘yicha yangicha yondashuv va munosabatlar shakllandi. Jamiyatda o‘qituvchining qadr-qimmati va hurmatini yanada oshirish, ularning mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish, bu kasbga nisbatan xalqimizning hurmat va e’tiborini oshirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Davlatimiz Rahbari muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoev tashabbuslari bilan ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar ta’lim sohasida mehnat qilayotgan ustoz va murabbiylarning qalbiga ertangi kuniga bo‘lgan ishonchni mustahkamlab, o‘z kasbiga nisbatan ishtiyoq va rag‘batni jadal faollashishiga zamin yaratmoqda. Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ustoz va murabbiylarning sha’ni va qadr qimmatini yuksaltirish maqsadida mazkur yilda qabul qilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlari bunga yaqqol dalil bo‘ladi.

O‘z navbatida, ta’kidlab o‘tmoqchi edimki, ta’lim sohasi rivojiga yuksak e’tibor natijasi bo‘lgan mazkur hujjatlarni hayotga samarali joriy qilish – avvalo, Siz kabi ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchi va murabbiylarning o‘z ishiga sadoqat bilan, mas’uliyat bilan yondashishiga, o‘z ustida tinmay ishlashiga, bilim va tajribasi, iste’dodi va mahoratini muntazam oshirib borishiga, talaba-yoshlarga dars berish uchun yangi avlod darsliklarini yaratishga va dars jarayoniga yangi pedagogik-texnologiyalarni qo‘llashiga bog‘liq.

Sizga ma’lumki, mamlakatimizda iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha bank va moliya, byudjet va soliq siyosatini takomillashtirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgan bo‘lib, barcha zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil
3 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3832-son va 2018 yil 2 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kriptobirjalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3926-son qarorlarida raqamli iqtisodiyot va “blokcheyn” texnologiyalari, kriptovalyuta, kriptobirja va boshqa kriptoaktivlarni O‘zbekiston Respublikasida joriy etish va ulardan keng ko‘lamda foydalanishni nazarda tutilgan.

Yuqoridagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq, ularda belgilangan strategik vazifalarni bajarishga qodir, xalqaro standartlar va talablarga muvofiq raqamli iqtisodiyot sharoitida ishlay oladigan bank va moliya sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida “Toshkent moliya instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi tayyorlanmoqda.

Qaror loyihasida zamon talablaridan kelib chiqqan holda Toshkent moliya instituti oldiga qo‘yilayotgan asosiy vazifalar va faoliyat yo‘nalishlari, jumladan, moliya, bank, soliq, buxgalteriya hisobi, biznes va innovatsion faoliyat sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash bilan birga moliyaviy xizmatlar sohasida ilmiy-innovatsion mahsulotlar yaratish va ularni tijoratlashtirish, o‘qitishning zamonaviy uslublari va vositalaridan foydalangan holda o‘qitishning kredit tizimini joriy etish vazifalari belgilangan. Shuningdek, qaror loyihasida 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab institutda xorijiy hamkor ta’lim muassasalari bilan birgalikda bank, moliya, soliq, buxgalteriya hisobi, audit sohalari uchun bakalavr va magistrlar tayyorlaydigan qo‘shma fakultetlar tashkil etish nazarda tutilgan.

Institutga zamonaviy Kampus - o‘quv binolari, talabalar turar-joylari, shu jumladan, yosh olimlar va xorijiy talabalar uchun turar-joylar, matematika va xorijiy tillarni chuqurlashtirilgan dasturlar asosida o‘rgatishga ixtisoslashgan maktab-internat va akademik litsey binolarini qurish uchun unga tutash bo‘lgan xududda yer uchastkasi ajratish qaror loyihasida belgilangan. Istiqbolda institutning zamonaviy Kampusga ega bo‘lishi soha uchun raqobatbardosh, raqamli iqtisodiyot sharoitida ishlay oladigan, ilmiy va innovatsion ishlanmalarni yaratadigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun shart-sharoitlar yaratish bilan birga uning xalqaro darajada nufuzi va reytingini oshishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, qaror loyihasida Institut huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Bank-moliya xizmatlari innovatsiya markazi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu markazni tashkil etishdan asosiy maqsad moliyaviy xizmatlar sohasida ilmiy va innovatsion ishlanmalarni yaratish, “blokcheyn” texnologiyalari, kriptobirja, kriptovalyuta, bitkoyn kabi innovatsiyalarni joriy etishdan iborat.

Ushbu qaror loyihasi doirasida ishlab chiqilgan
“Yo‘l xaritasi”da institutning ilm-fan va innovatsion faoliyatini rivojlantirish, o‘quv-uslubiy ishlar va ta’lim sifatini oshirish, talaba yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ma’nan va jismonan barkamol bo‘lib ulg‘aytirish, institutning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari o‘z ifodasini topgan.

Shubhasiz, mamlakatimizda kamol topayotgan har bir yosh avlodning taqdiri, ularning o‘z bilim va salohiyati bilan dunyoni zabt etishlari hamda Vatanimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan munosib avlod bo‘lib shakllanishi o‘qituvchi va murabbiylarimizdan yuksak fidoiylikni va jonkuyarlikni, o‘z fan sohalari bo‘yicha darsliklar yaratish, xorijiy tillardan birini o‘rganish, axborot texnologiyalari va iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar hamda yangiliklarni muntazam kuzatib borish, talabalar e’tiboriga yetkazishni talab etadi.

Ta’lim va tarbiya ishlarini zamonaviy talablar va milliy hamda umumbashariy tafakkur yutuqlari bilan uzviy holda tashkil qilish ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchi va murabbiylar oldiga yangidan-yangi vazifalarni qo‘yadi – bu jarayon muqarrar haqiqat ekanligini yodda tutishimiz shart. O‘z vazifalarimizni to‘la-to‘kis ado etish Vatan oldidagi fuqarolik burchimiz va vijdonimiz oldidagi yuksak a’molimiz hisoblanadi. Butun dunyoda g‘oyalar, qarashlar va manfaatlar to‘qnashuvi tobora avj olayotgan, bunyodkor g‘oyalar bilan yonma-yon buzg‘unchi kuchlar ham bo‘y ko‘rsatayotgan bugungi davrda yoshlarimizni yot va begona ta’sirlardan himoyalashning yagona va to‘g‘ri yo‘li ularga sifatli bilim va tarbiya berish ekan, demak, o‘qituvchilik kasbining jamiyat oldidagi mas’ulligi avvalgidan-da muhimroq mazmun-mohiyat va ahamiyat kasb etadi.

Bizning oldimizda quyidagi 3 ta eng muhim savolga javob bera olishimiz talab etilmoqda:

  1. Kim talabalarga saboq bermoqda?
  2. Nima asosida, qanday metodikada, qanday usulda dars o‘tmoqda?
  3. Kimlarga dars o‘tmoqda?

Bu qo‘yilgan shubhasiz adolatli va qat’iy savollarga, vazifalarga qanday yechim topamiz, ularni qanday bartaraf etamiz – biz barchamiz bunga mas’ulmiz.

Yana bir masala, yaqin vaqt ichida Institutda kirish-chiqish, dars mashg‘ulotlarini nazorat qilish, talabalar davomatini o‘rganish bo‘yicha yagona avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi tashkil etamiz. Barcha o‘quv xonalari yagona boshqaruv tizimiga ulanadi. Bir vaqtning o‘zida barcha o‘quv xonalari bilan radioaloqa orqali bog‘lanish va Dars o‘tilayotgan ixtiyoriy o‘quv xonasidan markaziy boshqaruv tizimiga axborot berish tartibi joriy etiladi.

Institut jamoasi yuqoridagi yangiliklarga avvalo hozirdan o‘zlarini tayyorlab borishlari zarur. Xalqimiz “Agar zamon senga boqmasa, sen zamonga boq” deb bejiz aytmagan.

Yuksak hurmat-e’tiborga loyiq aziz ustoz va murabbiylar, Sizlarni yana bir bor sharafli kasb bayramingiz bilan samimiy qutlagan holda barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, xonadoningizga fayzu baraka tilayman. Pedagogik, ilmiy va ijodiy ishlaringizni yangidan, kerak bo‘lsa tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, yangi yutuq va marralarni zabt etishingizda doimo muvaffaqiyat va omad yor bo‘lsin.

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

BOG`LANISH

Toshkent Moliya Instituti

  • Manzil: 100000 Toshkent shahri, A.Temur ko`chasi 60A
  • Telefon: (8 371) 234-53-34
  • Faks: (8 371) 234-11-48
  • Email: admin@tfi.uz
  • Ishonch telefoni: (8 371) 235-77-66
  • Jamoat transporti: 10,17,19,24,38,51,60,67,72,93,115,140
  • Ish tartibi: 09:00 dan 18:00 gacha

Hozir saytda

Hisoblagich

uz certified

Top
Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech
We use cookies to improve our website. By continuing to use this website, you are giving consent to cookies being used. More details…