Welcome to Official web site of Tashkent institute of finance   Click to listen highlighted text! Welcome to Official web site of Tashkent institute of finance Powered By GSpeech

A- A A+
  • 1.jpg
  • 2.jpg
  • 6.jpg
  • 16.jpg
  • 55.jpg
  • 77.jpg
  • 100.jpg
  • 101.jpg
  • fon1.jpg
  • fon2.JPG

Hide Main content block

Institut rektorining professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar va talaba yoshlarga yangi yil tabrigi

Muhtaram Toshkent moliya instituti professor-o‘qituvchilari, ishchi-xodimlari va aziz talaba-yoshlar! 

Sizlarni barchangizni kirib kelayotgan yangi 2019 yil bilan chin qalbimdan tabriklayman va barchangizga sog‘lik-salomatlik, oilangizga baxt va quvonch, qut-baraka, sharafli, mashaqqatli va mas’uliyatli  faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman. 

Tugab borayotgan 2018 yil mamlakatimiz hayotida ijobiy o‘zgarishlar, unutilmas voqealar, ulkan yutuq va zafarlarga boy yil bo‘ldi.  Bu o‘z navbatida institutimiz hayotida ham o‘z ifodasini topdi.

Biror bir soha yo‘qki yuqori salohiyatga ega bo‘lgan, intellektual barkamol kadrlarga ehtiyoj sezmasa. Bu yo‘nalishda mamlakat iqtisodiy rivojlanishining negizi bo‘lmish moliya, bank, soliq, sug‘urta, audit, buxgalteriya singari sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarni tayyorlash tizimiga e’tibor bugungi kunda yanada kuchaydi.

O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati tomonidan ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar, ta’lim sohasida faoliyat olib borayotgan ustoz va murabbiylarning mehnatlarini munosib baholash, ularning ish haqlarini bosqichma-bosqich oshirib borilishi, ijtimoiy muhofaza va moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimining yanada takomillashtirilayotganligi har birimizning qalbimizga yorug‘lik olib kirdi, sohaning ertangi kuniga bo‘lgan ishonch va eng muhimi, o‘z kasbimizga nisbatan ishtiyoq va rag‘batni kuchaytirdi.

2018 yilda amalga oshirilgan ishlarimizni Institut miqyosida  sarhisob qiladigan bo‘lsak, 2018/2019 o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini o‘tkazish jarayonining tubdan yangilanganligi, to‘liq shaffoflikni ta’minlanishi, shu jumladan uning ustidan nazoratni kuchaytirilganligi bilimli va iqtidorli yoshlarga talaba bo‘lish uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berdi. Institutimizga birinchi kursga qabul qilingan talabalarning qariyib 30 foizdan ziyodida xorijiy tillarni bilish darajasi bo‘yicha maxsus sertifikatlari mavjudligi alohida e’tiborga sazovordir. Zamon talablaridan kelib chiqib, institut fakultetlarida iqtidorli talabalar uchun alohida o‘quv reja va dasturlar asosida maxsus chet tilida (ingliz) dars olib boriladigan guruhlar tashkil etildi. Mustaqil ta’lim bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar ishlab chiqilib, talabalarning mustaqil ta’lim bo‘yicha faoliyatini baholash tizimi yaratildi va uni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.

O‘tib borayotgan yilda ilmiy innovatsion faoliyat va xalqaro hamkorlik doirasida ham bir qator ishlar amalga oshirildi. 2018 yilning o‘zida 9 nafar pedagog-xodimlar doktorlik ishlarini (DSc) va 14 nafar tayanch doktorantlar falsafa doktori (PhD) ilmiy ishlarini himoya qildilar. Bu o‘tgan yillarga nisbatan bir necha barobar ko‘pdir. Mutaxassis-pedagoglarning xorijiy OTMlar va ITIlarga malaka oshirish, stajirovka, doktorantura va magistraturada o‘qishga borishlari tashkil etildi. Institut va ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) korxonalari bilan tuzilgan hamkorlik shartnomalari asosida pedagog-xodimlarning amaliy malakalari maqsadli oshirilishi nazarda tutilgan stajirovkalar tashkil etildi. Institut professor-o‘qituvchilari va talabalari hududlarni, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarni jadal rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar va dasturlar loyihalarining keng muhokamasida faol ishtirok etdilar.

2018 yilda Malayziyaning Bayneri universiteti bilan Toshkent moliya instituti o‘rtasida Magistratura bo‘yicha qo‘shma fakultetni ochish bo‘yicha ishlar yakuniga yetkazildi. Shuningdek, Rossiya oliy ta’lim muassasalari bilan O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, kelishuv memorandumlarini imzolash va ilmiy-pedagogik aloqalarni mustahkamlash maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirildi.  Jumladan, “Yangi iqtisodiyot uchun yangi kadrlar” O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumida Toshkent moliya instituti Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg iqtisodiyot universiteti va “MMFI” Milliy tadqiqot yadro universiteti bilan o‘zaro hamkorlik kelishuvlari imzoladi.

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab dunyoning yetakchi oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, xalqaro tashkilotlarning yetuk mutaxassislari ishtirokida dars mashg‘ulotlari, master klasslar va treninglar tashkil etildi. Xalqaro sug‘urta bozorining yetuk olimlari va amaliyotchi mutaxassislari AQShning Marsh Aviation sug‘urta kompaniyasi vitse prezidenti Simon Toms, Buyuk Britaniyaning “OAKESHOTT insurance consultants” sug‘urta kompaniyasi Bosh direktori i.f.d., professor G.V.Grishin, Jahon bankining soliqlar bo‘yicha katta maslahatchisi, Sidney universiteti faxriy professori Li Byorns va Jahon banki moliya boshqaruvi bo‘yicha yetakchi mutaxassisi E.N.Yusupov, Janubiy Koreyaning Namseul Universiteti Magistratura fakulteti dekani professor Heon-Yong Jung, Polsha Davlatining Krakov iqtisodiyot universiteti (Cracow University of Economics) falsafa doktori (Ph.D.) Rafał Sieradzki, Malayziya Davlatining “Binary University of management and entrepreneurship” universitetining professori Huang Soon Fook, Buyuk Britaniya davlati “University of East London” professori Barry Collins   va xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Mayuri Rajpal, Ruminiyaning Buxarest iqtisodiy fanlar universiteti (Bucharest University of Economic Studies) falsafa doktori Dan Gabriel Anghellarning dars mashg‘ulotlari  shular jumlasidandir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 maydagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3698-sonli Qaroriga asosan Ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha bo‘linma va Innovatsion jamg‘arma tashkil etilib, bo‘linma tomonidan respublikamizning bir qator tijorat banklari bilan “Korxonalarning kreditga layoqatliligi tahlili va baholashning skoring modeli” elektron dasturini tijoratlashtirish yuzasidan shartnomalar imzolangan bo‘lib, mazkur shartnomalarni amalga oshirish natijasida Innovatsion jamg‘arma hisobraqamiga 90 mln.so‘m mablag‘ kelib tushdi. Kelajakda mazkur elektron dasturni realizatsiya qilishdan olinadigan mablag‘lar summasini 500 mln.so‘mga yetkazish rejalashtirilmoqda. Kelib tushadigan mablag‘lar asosan dastur mualliflarini moddiy rag‘batlantirish va yangi dasturiy mahsulotlar yaratishga sarflanadi.

Erishilgan yutuqlar orasida, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan har yili o‘tkazib kelinayotgan yil o‘qituvchisi ko‘rik tanlovida “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi mudiri i.f.n., dotsent Xurshid Sunatullayevich Asatullayev “Eng yaxshi innovatsion texnologiyalarni qo‘llovchi pedagog” nominatsiyasida I-o‘rinni egalladi va 5 oylik maosh miqdorida mukofotlandi. “Moliya” kafedrasi dotsenti, i.f.d., (DSc) Jasur Xamidovich Ataniyazov «InnoWeek» Xalqaro innovatsion haftaligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Davlatimiz rahbarining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 20 apreldagi PQ-2909-sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan “Yosh olim” respublika tanlovida ishtirok etib Ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishi bo‘yicha 3-o‘rinni egalladi va diplom bilan taqdirlanishi alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Davlat stipendiyalarini berish bo‘yicha respublika tanlovida institutimizning iqtidorli, bilim salohiyati yuqori, innovatsion tashabbuskor talabalari ham munosib ishtirok etib kelmoqdalar. 2018/2019 o‘quv yili tanlovlarida ishtirok etgan Magistratura bo‘limi “Bank hisobi va audit” mutaxassisligi 2-bosqich talabasi Rajabov Sharof O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasiga, G‘aznachilik va davlat jamg‘armalari fakulteti, 4-kurs, BBI-80 guruh talabasi Umirzoqov Ja’sur Artiqboy o‘g‘li va Bank ishi fakulteti, 3-kurs, KBI-93i guruhi talabasi Mamadjonov Shukurullo Ibroximjon o‘g‘li Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi, Moliya fakulteti, 4-kurs, MM-88i guruhi talabasi Sattoriy Fayzulloh Abdijabbor o‘g‘li Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyasiga sazovor bo‘ldilar. Bunday natijalar har birimizni xursand qiladi albatta. Fursatdan foydalanib ushbu g‘oliblarni va ularning ustozlarini tabriklab, o‘z samimiy minnatdorchiligimni bildiraman.

Kirib kelayotgan yangi yilda ham yuqoridagidek natijalarga, ulkan yutuqlarga erishishimiz uchun istiqbolda soha uchun raqobatbardosh, raqamli iqtisodiyot sharoitida ishlay oladigan, ilmiy va innovatsion ishlanmalarni yaratadigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun birgalikda samarali mehnat qilishimiz va institutimizni milliy va xalqaro darajada nufuzi va reytingini oshishiga erishishimiz zarur.

Buning uchun institut professor-o‘qituvchilari jamoasi o‘rtasida bosqichma-bosqich dunyoning nufuzli 1000 taligiga kiruvchi oliy ta’lim muassasalarida PhD va DSc (fan doktori yoki fan nomzodi) ilmiy darajasini olgan professor-o‘qituvchilar ulushini oshirishimiz, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatida fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega professor-o‘qituvchilar ulushini kamida 40%ga, (PhD) ilmiy darajasiga ega professor-o‘qituvchilar bilan birgalikdagi ulushini kamida 80%ga yetkazishni rejalashtirganmiz. Bu esa, ilmiy tadqiqot ishi bilan shug‘ullanayotgan har bir pedagog-xodimning o‘z ilmiy ishi ustida mas’uliyat bilan ishlashini talab etadi. Ilmiy-tadqiqot faoliyati va amaliyotga o‘zining ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini taqdim etishi asosida olingan mablag‘lar hajmini oshirish hisobidan to‘liq o‘z-o‘zini moliyalashtirish tizimiga o‘tish ham institut oldida turgan dolzarb vazifa bo‘lib hisoblanadi.

Yangi yilda oldimizda turgan vazifalarni amalga oshirishda barchamizning, avvalo, pedagog-xodimlar, prorektorlar, dekanlar va kafedra mudirlarining bir yoqadan bosh chiqarib, sidqidildan mehnat qilishimizni talab etadi.

Yana bir bor barchangizni kirib kelayotgan 2019 yangi yil bilan muborakbod etib, rejalashtirgan ishlarimizni muvaffaqiyatli amalga oshirishimizda kuch-quvvat, sihat-salomatlik, oilangizga tinchlik va xotirjamlik, jamoada doimo hurmat va mehr-oqibatda bo‘lishimizni yaratgandan so‘rab qolaman. 

Yangi 2019 yil barchamizga muborak bo‘lsin! 

 

BOG`LANISH

Toshkent Moliya Instituti

  • Manzil: 100000 Toshkent shahri, A.Temur ko`chasi 60A
  • Telefon: (8 371) 234-53-34
  • Faks: (8 371) 234-11-48
  • Email: admin@tfi.uz
  • Ishonch telefoni: (8 371) 235-77-66
  • Jamoat transporti: 10,17,19,24,38,51,60,67,72,93,115,140
  • Ish tartibi: 09:00 dan 18:00 gacha

Hozir saytda

Hisoblagich

uz certified

Top
Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech
We use cookies to improve our website. By continuing to use this website, you are giving consent to cookies being used. More details…