Minglar ichra munosiblar

Minglar ichra munosiblar

      Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va O‘zbekiston Ixtirochi ayollari markazi tomonidan “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” tanlovida institutimizdan bir guruh vakillar faol ishtirok etayotgan edilar. Mazkur tanlovning Republika bosqichi joriy yilning 28-fevral kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida bo‘lib o‘tdi.

 

     Tanlovda olima ayollar, o‘qituvchi, ixtirochi, injener, konstruktor, dasturchi, shifokor, farmatsevt, mutaxassis, tadbirkor va hunarmand xotin-qizlar hamda iqtidorli talaba va o‘quvchi qizlar o‘z ixtirolari, innovatsion g‘oya va loyihalari bilan ishtirok etdilar.

 

     Tanlovning yakuniy bosqichida institutimiz vakillari orasidan “Audit va iqtisodiy tahlil” kafedrasi tayanch doktoranti Mahbuba Ismailova “Kreditga layoqatlilik tahlilining skoring modeli” nomli va Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti HBA-71 guruh talabasi Moxinur Mirvalieva “Innovatsion suvenir mahsulotlarini ishlab chiqarish” nomli innovatsion ishlanmalari bilan ishtirok etdilar. Tanlov komissiyasi ishtirokchilarning innovatsion ishlanmalari to‘g‘risidagi taqdimotlari, maxsus videoroliklar, bukletlar va boshqa ma’lumotlarga asosan g‘oliblarni aniqladilar.

 

     Respublika miqyosida 4000 dan ortiq ishtirokchilarni jalb qilgan mazkur tanlovning yakuniy bosqichi natijalariga ko‘ra institutimiz vakillari Mahbuba Ismailova va Moxinur Mirvalievalar tanlovning yakuniy bosqichi g‘olibligini qo‘lga kiritib, diplom, sertifikat va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Quvonarlisi shundaki, g‘olib va sovrindorlar orasidan oliy o‘rinni egallagan institutimiz vakillariga Koreya ixtirochi ayollar assotsiatsiyasining Janubiy Koreya Respublikasiga malaka oshirish imkonini beruvchi maxsus sertifikatlari ham taqdim qilindi.

 

     Shu bilan “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” III respublika tanlovi Toshkent moliya instituti uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Tanlov g‘oliblarini institut rektori munosib tabriklab, ularning kelgusi faoliyatlari uchun yanada keng imkoniyatlar yaratilishini ma’lum qildi.

 

    “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” tanlovida erishilgan mazkur natijalarni institutimizda innovatsion faoliyatni rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar mahsuli sifatida baholash o‘rinlidir.

 

     Tanlov g‘olibalarini institut jamoasi nomidan samimiy muborakbod etib, kelgusi ishlarida ulkan zafarlar tilab qolamiz!!!

 

12:06 / 2020-03-03
Success helper
Success warning