Abiturientlar diqqatiga!

Abiturientlar diqqatiga!

Toshkent moliya institutiga hujjat topshirib chet tili sifatida ingliz, nemis, fransuz tillaridan boshqa tillarni (turk, arab, fors, koreys, xitoy va boshq.) tanlagan abiturientlar diqqatiga!

 

Hurmatli abiturientlar!

Siz Toshkent moliya institutiga hujjat topshirib, institutimizda o‘qish istagini bildirganingiz uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Shu bilan birga ayrim tushunmovchiliklarni oldini olish maqsadida quyidagilarga e’tibor qaratishingizni so‘raymiz.

Ma’lumki, joriy yil qabul jarayonida institumizning barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul 2 ta fandan, ya’ni matematika va chet tili fanlaridan bo‘lib o‘tadi. Hujjatlarini onlayn topshirayotgan ayrim abiturientlar o‘zlari bilgan yoki bilmagan holda chet tilini tanlashda xatoliklarga yo‘l qo‘ymoqdalar. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, abiturientlar ayrim hollarda chet tili sifatida turk, arab, fors, koreys, xitoy va boshqa tillarni tanlamoqdalar.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi  “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 393-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida Nizom”ning 6-bandida “Umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida ispan, turk, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, italyan, yapon tilini (ingliz, nemis va fransuz tillari o‘qitilmagan holda) chet tili sifatida o‘qigan abiturientlar mazkur tildan ko‘p balli baho tizimi bo‘yicha imtihon topshiradilar, qolgan fanlar bo‘yicha esa test sinovlaridan o‘tadilar” deb ko‘rsatilgan. Ya’ni soddaroq tushuntiradigan bo‘lsak, ingliz, nemis, fransuz tillaridan boshqa tillarda topshirmoqchi bo‘lgan abiturient maktab, akademik litsey yoki kasb-hunar kollejlarida ushbu tillarni (turk, arab, fors, koreys, xitoy va boshqa tillarni) o‘qigan bo‘lishlari va o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi attestat yoki diplom ilovasida ushbu fanlarni o‘qiganligi va o‘zlashtirganligi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Aks holda bunday abiturientlar chet tili sifatida ijodiy imtihon topshiradigan tillardan birini ko‘rsatsada, lekin abiturient haqiqatda ta’lim muassasasida ushbu tilni o‘qimagan bo‘lsa va o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatda aks etmagan bo‘lsa, ijodiy imtihonga kiritilmaydi va chet tili bo‘yicha 0 ball qo‘yiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, chet tilini tanlashda xatolikka yo‘l qo‘ygan bo‘lsangiz 20 iyulga qadar abitur.dtm.uz sayti orqali tanlagan chet tilini amalda o‘qigan va o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatingizda aks ettirilgan tilga (ingliz, nemis, frantsuz tillaridan biriga) o‘zgartirishingizni so‘raymiz.

 

Toshkent moliya instituti qabul komissiyasi

10:27 / 2020-08-11
Success helper
Success warning