Abdulla Qahhor ijodini targʻib etishda yangicha yondashuvlar

Abdulla Qahhor ijodini targʻib etishda yangicha yondashuvlar

 

Abdulla Qahhor oʻzbek adabiyotiga hikoya janrining mislsiz ustasi sifatida kirib kelgan. Ustoz yozuvchi hattoki oʻzbeklarning Chexovi darajasida ulugʻlangan. Abdulla Qahhor yozuvchi sifatida oʻzbek tilini nozik his etuvchi va uning boy imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanuvchi qalamkash edi.

Bugungi kunda mamlakatimizda buyuk yozuvchining hayot yoʻli hamda ijodini koʻproq tatbiq etish, yosh avlod shuuriga qoldirgan oʻlmas asarlarini singdirish, bosib oʻtgan hayot yoʻlini namuna sifatida koʻrsatish borasida koʻpgina amaliy ishlar qilinmoqda. 

Xususan, joriy yilning 6-aprel kuni Toshkent moliya institutida Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor ijodiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. 

Unda institut rektori T.Teshabayev, Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi dotsenti, filologiya fanlari doktori Hulkar Hamroyeva, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir, Toshkent moliya institut adabiy-ilmiy maslahatchisi- Bobur Bobomurod, professor-oʻqituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.








Maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bevosita ijodkor xotirasini yod etish bilan boshlandi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar A.Qahhor nafis soʻz sanʼatkori ekanligini, oʻzbek nasrining ulkan dargʻalaridan biri ekanligini, tom maʼnoda oʻzbek hikoyachiligining maktabini yaratganligini alohida taʼkidlab oʻtishdi. Shundan soʻng tadbirning amaliy qismiga oʻtildi.





Xususan, “Abdulla Qahhor asarlari bilimdoni” va “Eng yaxshi kitobxon talaba» koʻrik-tanlovining yakuniy bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi, Abdulla Qahhor ijodini keng targʻib qilishga qaratilgan, zamonaviy veb texnologiyalar orqali yaratilgan abdullaqahhor.tfi.uz veb-portalining ochilish marosimlari boʻlib oʻtdi.











abdullaqahhor.tfi.uz – bu Toshkent moliya institutining tashabbuskor talabalari tomonidan Abdulla Qahhor ijodini keng targʻib qilish, yoshlarimiz orasida ijodkor asarlarini mutolaasini ommalashtirish, bu borada zamonaviy yondashuv qilish maqsadida yaratilgan veb platformadir. Unda A.Qahhor haqida barcha maʼlumotlar, xotiralar, maqolalar, video lavhalar, elektron kutubxona, audio kutubxona hamda QR kodli elektron kutubxona mavjud. Bundan tashqari platformada talaba-yoshlar A.Qahhorga bagʻishlangan oʻzlarining maqolalarini joylab borish imkoniyatiga egadir.


10:41 / 2022-04-07
Success helper
Success warning