Toshkent moliya institutida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasining muhokamasi bagʻishlangan “MENING KONSTITUTSIYAM” mavzusida targʻibot tadbiri oʻtkazildi
Bugungi kunda mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qizgʻin pallaga kirdi. Mazkur islohotlarni institut jamoasi va keng jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish maqsadida oʻtkazilgan targʻibot tadbirida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Abdullayev Ilhom Zoirovich hamda Aminov Nosirjon Xasanbayevichlar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining Qoʻshma qarori bilan tuzilgan Konstitutsiyaviy komissiyaga oʻtgan bir oy davomida kelib tushgan 60 mingdan ortiq takliflar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan tayyorlangan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga doir konstitutsiyaviy qonunlar loyihalari Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilinib, yagona “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasiga birlashtirilganligi, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Bosh qomusimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq oʻzgartirishlar kiritishni nazarda tutishi, bundan tashqari, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilayotganligi yuzasidan toʻliq axborot berishdi.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarning aksariyati mazmun-mohiyatiga koʻra, “inson – jamiyat – davlat”, “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga, yoshlarning huquq va manfaatlarini toʻla taʼminlashga qaratilganligi targʻibot tadbirida alohida taʼkidlab oʻtildi.
Shuningdek, oʻzgartishlar sifatli va malakali tibbiy xizmatni tashkil etish, taʼlimni rivojlantirish, xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, fuqarolik jamiyati institutlarining maqomini va ekologik muhofaza kabi masalalarni konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qoʻyish bilan bogʻliqligi, shu bilan birga, qonun loyihasi davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini takomillashtirish, jumladan, parlament vakolatlarini kengaytirish, Prezidentlik institutini takomillashtirish, joylardagi vakillik va ijro hokimiyati organlarini ajratish, Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jihatdan rivojlantirishning konstitutsiyaviy asoslarini yanada mustahkamlash masalalarini ham oʻz ichiga olganligi alohida taʼkidlandi.
Targʻibot tadbirida institut jamoasi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarni bir ovozdan qoʻllab-quvvatlashlarini oʻz chiqishlarda bildirib oʻtishdi.