Abiturientlar diqqatiga!
Abiturientlar diqqatiga!

QABUL KVOTALARI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 iyundagi PQ-4749 sonli qaroriga muvofiq davlat buyurtmasi asosida 2020/2021 o‘quv yili uchun Toshkent moliya instituti kunduzgi bakalarvriat ta’lim shakli bo‘yicha (15 ta yo‘nalish kesimida) jami – 700 nafar, sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha (5 ta yo‘nalish kesimida) jami – 300 nafar, magistratura mutaxassisligi bo‘yicha (10 ta mutaxassislik kesimida) jami – 157 nafar abiturient o‘qishga qabul qilish belgilangan. Institutga belgilangan qabul ko’rsatkichlarining ta’lim yo’nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha taqsimoti institut sayti (www.tfi.uz)ga joylashtirilgan.

 

ONLAYN QABUL

Joriy yilda hujjatlar Davlat test markazining veb-sayti (www.dtm.uz), Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (www.my.gov.uz) va Davlat xizmatlari markazlari orqali 20 iyundan 20 iyulgacha 24/7 rejimda onlayn qabul qilinadi. 

Abiturientlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan 5 tagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi.

 

ABITURIENT RO‘YXATDAN O‘TISHIDA ZARUR HUJJATLAR

Joriy yil bitiruvchilari uchun pasport, bitiruv attestati (qabul qiluvchilar tomonidan bazadan elektron tarzda olinadi) yoki diplom hamda til bo‘yicha sertifikat va imtiyoz (agar bo‘lsa)ni tasdiqlovchi hujjatlar asosida ro‘yxatdan o‘tadi. 

Oldingi yil bitiruvchilari uchun pasport, diplom hamda til bo‘yicha sertifikat va imtiyoz (agar bo‘lsa)ni tasdiqlovchi hujjatlar asosida ro‘yxatdan o‘tadi.

Maktab, kollej va litseyni avvalgi yillarda bitirgan abiturientlar testga kirish uchun to‘lov qilishadi. To‘lov miqdori - 111 ming 500 so‘m.

 

IMTIHON O‘TKAZISH MUDDATI

Kirish imtihonlari 1 avgustdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Abiturientlar ruxsatnomani DTM rasmiy sayti (https://dtm.uz)dan olishlari mumkin. Abiturientlar test jarayoniga o‘zlari tanlagan hududdan ishtirok etadilar.

Abiturientlar to‘plangan ballni bir kundan keyin talabalikka tavsiya etilgan-etilmaganliklari, (imtihon natijalari) bo’yicha ma’lumotlarni oxirgi imtihon o’tganidan so’ng bir hafta ichida olishlari mumkin.

 

TEST SAVOLLARI

Institutning barcha ta’lim yo‘nalishlari uchun matematika va chet tili fanlaridan test sinovlari topshiriladi. 1-blok – 30 ta savol, har bir to‘g‘ri javobga 3.2 ball beriladi, jami 96 ball to‘plash mumkin. 2-blok – 30 ta savol, har bir to‘g‘ri javobga 3.1 ball beriladi, jami 93 ball to‘planadi. Joriy yil test sinovlarida xuddi o‘tgan yildagidek maksimal 189 ball to‘plash mumkin.  Test sinoviga jami 3 soat beriladi.

 

SIRTQI TA’LIM ShAKLIGA SUHBAT ASOSIDA QABUL

O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisining 1-son bayoni (05.07.2019 yil № 01-14/1-2100)ga asosan iqtisodiyot tarmoqlarida kamida 5 (besh) yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarorlar sirtqi va kechki ta’lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi ishlab chiqilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4412-son qaroriga muvofiq 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari xodimlarini sohaga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasalarining “Sug‘urta ishi” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha sirtqi va kechki bo‘limlarga test sinovlari o‘tkazilmasdan, belgilangan qabul kvotalaridan tashqari pulli-kontrakt asosida qabul qilish tartibi joriy etildi (xodimda umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumoti va sug‘urta bozorida kamida 2 yil amaliy ish staji mavjud bo‘lishi talab etiladi).

 

MAGISTRATURA QABULI

Hujjatlar magistr.edu.uz portali orqali faqat onlayn qabul qilinadi;

Hujjatlar qabul qilish 1 iyuldan boshlanib, 30 iyulgacha davom etadi;

Imtihonlar 3-15 avgust kunlari o‘tkaziladi.

 

O‘QISHNI KO‘CHIRISH VA QAYTA TIKLASH

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash uchun hujjatlarni topshirish jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi.

Success helper
Success warning