Toshkent moliya instituti – korrupsiyadan holi oliy taʼlim muassasasi
Toshkent moliya instituti – korrupsiyadan holi oliy taʼlim muassasasi

Korrupsiya - Kelajakka tahdid!

“Toshkent moliya instituti – korrupsiyadan holi oliy taʼlim muassasasi” loyihasini amalga oshirish yuzasidan institut jamoasining

MUROJAATNOMASI


Oʻzining qadimiy tarixi, unutilmas anʼanalari va qadriyatlariga ega boʻlgan jonajon Oʻzbekistonimiz bugun rivojlanishining yangi bosqichiga chiqdi.  Bu ezgu ishlarda barcha sohalarni rivojlantiruvchi asosiy kuch, omil va resurs – alaloqibat kadrlar masalasiga borib taqalmoqda.

 

Mamlakatimiz Prezidentining ulkan saʼy-harakatlari bilan taʼlim tizimi, shu jumladan oliy taʼlim tizimi boshqa sohalar kabi rivojlanishning yangi davrini boshidan kechirmoqda va muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasi tobora mustahkamlanib, taʼlim sifatini oshirish maqsadida oʻquv adabiyotlarining yangi avlodlari yaratilmoqda. Malaka oshirish tizimi takomillashtirilib, ilmiy salohiyatni yanada oshirishga, yoshlar bilan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tizimli tashkil etishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

 

Shu bilan birga, taʼkidlash joizki, oliy taʼlim tizimida haligacha ayrim muammoli masalalar mavjud. Shulardan biri, davlat va jamiyat rivojlanishiga rahna soluvchi illat – korrupsiya oliy taʼlim tizimiga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatayotgani bor gap.

 

Jamiyatimizda mazkur illatga qarshi tizimli ravishda kurashish maqsadida  Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-maydagi  “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5729-sonli Farmoni qabul qilindi.

 

 Mazkur Farmonda 2019-yil 1-avgustdan boshlab eksperiment tariqasida, jamoatchilik va yetakchi ekspertlarni, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda dastlabki bosqichda kapital qurilish va oliy taʼlim sohalarida Korrupsiyasiz soha loyihasini amalga oshirishni tashkil etish, 2020-yil 1-apreldan boshlab loyihani boshqa sohalarga ham bosqichma-bosqich joriy etish belgilab qoʻyildi.

 

Oliy taʼlim tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning oylik maoshlarini soʻnggi bir yil ichida 3 marotaba oshirish boʻyicha qarorlar qabul qilingani, ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayotgan xodimlarni bosqichma-bosqich uy-joy bilan taʼminlanayotganligiga javoban xalqimizga sadoqat, fidoiylik, tashabbus koʻrsatib va halollik bilan xizmat qilish fursati allaqachon yetganligini bugun biz – Toshkent moliya institutida mehnat qilayotgan har bir rahbar-xodim va professor-oʻqituvchilar juda yaxshi anglab turibmiz.

 

Biz Toshkent moliya instituti jamoasining har bir aʼzosi – u rektor boʻladimi, prorektor, dekan, boʻlim boshligʻi, kafedra mudiri,  professor-oʻqituvchi boʻladimi – biz barchamiz institutda oʻquv, oʻquv-uslubiy, ilmiy va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni zamon talablari darajasida tashkil qilish, yoshlarga yetarli sharoitlarni yaratib berish, ularning innovatsion gʻoyalari, ishlanmalari, startaplari va boshqa sohalardagi ulkan  isteʼdodlarini yuzaga chiqarish hamda namoyon etishlari uchun barcha kuch va gʻayratimizni safarbar qilamiz.

 

Institutda korrupsiya holatlarini yuz berishiga qarshi har bir jabhada, har kuni va qadamda kurashishga soʻz beramiz. Korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashni qabul jarayonlaridan boshlab, talabalar oʻqishini birinchi kursdan to oxirgi kursiga qadar barcha fanlarni oʻzlashtirish, kurs ishi, bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyalarini himoya qilish, oliy taʼlimdan keyingi taʼlimda ham birdek tashkil etamiz.
 

 

Biz Toshkent moliya institutini haqiqiy ilm, maʼrifat maskaniga aylantirish yoʻlida barcha hamkor tashkilotlar, jamoatchilik va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan birgalikda harakat qilamiz. Bu yoʻlda talaba-yoshlarimiz, professor-oʻqituvchilarimiz – jamoamizning har bir aʼzosi bizga eng katta koʻmakchi boʻlishiga ishonamiz.     

 

Korrupsiyaning har qanday koʻrinishlarini sodir etgan institut jamoasi aʼzosi – u kim va qaysi lavozimda ishlashidan qatʼiy nazar, unga nisbatan “Qonun ustuvor – jazo muqarrar”ligi taʼminlanadi. Bu yoʻlda kim toʻgʻri xulosa chiqarmasa, ayab oʻtirilmaydi.

 

Institut jamoasining birgalikdagi saʼy – harakatlari natijasida biz albatta soʻzimizning ustidan chiqamiz.
 

Aziz yurtdoshlar, yoshlar va ota-onalar!   

 

Institutning qabul jarayonlarida yoki oʻzingizning va farzandlaringizning taʼlim olishining barcha bosqichlarida turli nayrang va firibgarliklar qurboniga yoki  aʼzosiga aylanib qolmang. Hech qachon sababsiz oqibat boʻlmasligini yoddan chiqarmang. Faqat va faqat yoshlarning  bilimiga ishoning va shunga tayaning. Institutda taʼlim-tarbiya olayotgan yoshlarimiz vaqtini bekorchi narsalarga sarflamay, faqat bilim olish bilan band boʻlishlarida taʼlim tizimi vakillariga koʻmakdosh boʻling. Chunki, oila – jamiyatning asosi, taʼlim-tarbiyaning oʻzagi ekanligini unutmaylik.

 

Taʼmagirlik, pora olish yoki pora berish va unga undash kabi jirkanch illatlarga qarshi kurashda qisqa muddatlarda samarali natijaga erishib, boshqa sohalarga oʻrnak boʻlaylik. Chunki, ziyolilar jamiyatni oldinga yetaklovchi asosiy kuch sanaladi. Ana shunday ziyolilarni yetishtirib beruvchi Toshkent moliya instituti turli illatlardan holi haqiqiy ziyo maskaniga aylansin. 

 

Shunda Xalqimiz, Vatanimiz, Prezidentimiz va Yaratganning oldida yuzimiz yorugʻ boʻladi.

 

Toshkent moliya instituti jamoasi            

 

Success helper
Success warning