O'quv-uslubiy-faoliyat
O'quv-uslubiy-faoliyat

 

      Mustaqillik yillari davomida vatanimizda amalga oshirilgan ishlar bamisoli asrlarga tenglashib, mamlakatimiz qiyofasini, yurtimiz jamolini butunlay o‘zgartirib yubordi. Siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotdagi islohotlar va yangilanishlar, tobora obod bo‘lib borayotgan shahar va qishloqlar, yangi-yangi zamonaviy korxonalar, o‘quv maskanlari, madaniy-maishiy inshootlar, ko‘prik va yo‘llar, bir so‘z bilan aytganda, iqtisodiyotning tobora o‘sib, mustahkam bo‘layotganligining guvohi bo‘lib turibmiz.

    Iqtisodiyotning yuksalishiga, Toshkent moliya instituti etakchi pedagog-xodimlaridan ta’lim olib, etuk mutaxassis bo‘lib etishayotgan yoshlarning ham hissasi beqiyos. Ular o‘zlarining institutda olgan bilimlarini vatanimiz ravnaqi yo‘lida hormay-tolmay safarbar qilmoqdalar.

Buyuk kelajagimizning haqiqiy ma’noda yaratuvchisi hisoblangan yoshlarni yuksak bilimli, zamonaviy texnologiyani mukammal egallagan, ayni paytda, tarixan tarkib topgan milliy qadriyatlarimizning asl durdonalarini o‘zida mujassam etgan komil inson, barkamol avlod sifatida voyaga etkazish institut doirasida o‘tgan o‘quv yillari davomida olib borilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarning o‘zagini tashkil etdi.

Institutda talaba-yoshlarni mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash jarayonida ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy va madaniy salohiyatning tub mohiyatini anglaydigan raqobatbardosh mutaxassis, insonparvar, etuk, davr talabiga javob beradigan, ma’naviy-madaniy, axloqiy ruhiy va jismoniy jihatdan barkamol, Vatanga, el-yurtga sadoqatli kishilar qilib tarbiyalash hamda ularda turli ekstremistik va buzg‘unchi g‘oyalar va “Ommaviy madaniyat” ta’sirlariga qarshi immunitetni kuchaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilab olingan.

Institutda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va Qarorlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Hay’at Qarorlari va buyruqlari mazmun, mohiyatidan kelib chiqadigan maqsad va vazifalarni hayotga tadbiq qilish borasida hamda ma’naviy-marifiy ishlarni tizimli muvofiqlashtirishga doir tashkiliy masalalar, talabalarning siyosiy va huquqiy ongi hamda madaniyatini yanada yuksaltirish, g‘oyaviy-mafkuraviy immunitetni shakllantirish va diniy ekstremizm, terrorizmga qarshi kurash hamda xavfsizlikni ta’minlash, tarixiy sanalar, milliy bayramlar va buyuk ajdodlarimiz tavalludini nishonlash, talabalarning badiiy-estetik ongini shakllantirish, mumtoz va zamonaviy san’at durdonalari bilan tanishtirish, talaba-yoshlarda kasbga muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish, talabalarda sog‘lom turmush tarzi falsafasini shakllantirish, ularni sport sog‘lomlashtirish ishlariga jalb qilish va talaba-yoshlar o‘rtasida qonunbuzarlikning oldini olish borasidagi keng qamrovli tadbirlarni o‘z ichiga olgan tadbirlar rejalari asosida olib borilmoqda.

Institutda ma’naviy-ma’rifiy faoliyat bo‘yicha innovatsion-rivojlanish:

 Ustoz va murabbiylik faoliyatini takomillashtirish, institut jamoasini tezkor axborot bilan ta’minlash, talabalarning bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazish va Talabalar turar joylaridagi shart-sharoitlarni yanada yaxshilash ishlariga qaratilgan.

 Institutda “Murabbiylik” tizimiga to‘liq o‘tilgan. Istiqbolda ta’lim-tarbiya jarayoni uzviyligi va uzluksizligini ta’minlovchi funksional yaxlit ta’sirchan mexanizmni shakllantirish borasida maqsadli ishlar olib borilmoqda. SHuningdek, institut Murabbiylari uchun kasb mahoratini oshirishga qaratilgan «Murabbiy etikasi» malaka oshirish kurslarini tashkil etish ishlari boshlab yuborildi.

 Institut jamoasi, pedagog-xodimlari va talaba-yoshlarini tezkor axborot va yangiliklar bilan ta’minlash hamda ularni buzg‘unchi informatsion xurujlardan himoya qilish maqsadida institutda «Axborot guruhi» va «Moliyachi» radiotarmog‘i faoliyati yanada takomillashtirildi. «Moliyachi» gazetasi yangicha ko‘rinish va mazmunda yangilandi. Shuningdek, institut bosh binosi va fakultetlar o‘quv binolarida barcha imkoniyat hamda qulayliklarga ega «Axborot-resurs markazlari» faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Istiqbolda institutda «Tezkor axborot markazi», «Moliyachi TRT» teleradiotarmog‘i faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.

 Institutda talabalarning bo‘sh vaqtlarini sermazmun va samarali o‘tkazish maqsadida qator amaliy ishlar olib borildi. Jumladan, «Ma’naviyat kuni», “Kafedra haftaliklari” tadbirlarining ta’lim bilan uyg‘unlashgan holda sermazmun o‘tkazilishiga erishildi. Institutda tashkil etilgan «Yosh posbonlar» jamoat tuzilmasi, «Moliyachi» teatr, «Yoshlik» badiiy jamoalari, «Notiqlar», «Munozara», «Vatanparvar», «Moliyachi qizlar», «Yosh adabiyotchilar» klublari va 27 ta fan to‘garaklari, sportning 8 turini o‘z ichiga qamrab olgan sport seksiyalari faoliyati samaradorligini oshirish ham o‘z navbatida talabalarning bo‘sh vaqtlarini sermazmun o‘tishiga xizmat qilib kelmoqda. Institut jamoasining Respublikamiz miqyosida nishonlanadigan bayram tadbirlarini yuqori saviyada, uyushqoqlik va bayramona ruhda o‘tkazish borasida tajribasi qator oliy o‘quv yurtlari va tegishli tashkilot vakillari tomonidan e’tirof etilishi ham tahsinga sazovvor. Institutda sportni rivojlantirish maqsadida zamon talablari darajasidagi «Moliyachi» sport-sog‘lomlashtirish majmuasi qurib ishga tushirilganligi, institut sportchi talabalarining Respublika miqyosida o‘tkazilayotgan qator musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egallab kelishlariga zamin bo‘lmoqda.

Istiqbolda institutda ma’naviy-ma’rifiy ishlar salmog‘i va samaradorligini oshirish, tadbirlarining institut doirasidagi qamrovini kengaytirish maqsadida «Moliyachi» madaniyat saroyini qurish rejalashtirilgan. 

 Institut tasarrufida uch ta zamon talabalari darajasida jihozlangan talabalar turar joylari mavjud. Talabalar turar joylari internet tarmog‘iga ulangan zamonaviy kompyuterlar, radio, televizor va ommaviy axborot vositalari (gazeta, jurnal) bilan to‘liq ta’minlangan.

Talabalar turar joylarini saqlash va talabalarning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida talabalar turar joylarida o‘z-o‘zini boshqaruv tizimi joriy etilgan. Talabalar kengashi + «Navbatchilik» guruhi + «Yosh posbonlar» + rasmiy va norasmiy etakchilar birligidagi «Ichki boshqaruv tizimi» shakllantirilgan.

Istiqbolda o‘z-o‘zini boshqarish tizimini to‘la-to‘kis joriy etish, o‘zligini anglagan, bunyodkorlik faoliyati bilan mashg‘ul avlodni shakllantirish kafolatini beruvchi «Tashabbuskor talaba-yoshlar harakati»ni yo‘lga qo‘yish, Talabalar turar joyini nafaqat yashash joyi, balki, ma’naviyat va ma’rifat maskani, tarbiya o‘chog‘iga aylantirish belgilab olingan.

Institutda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan dolzarb vazifalar va yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda, demokratik va iqtisodiy taraqqiyotimizning taqdirini hal etadigan, mamlakatimizni isloh etish va yangilash bo‘yicha belgilab olingan yuksak maqsadlarga erishish yo‘lida hal qiluvchi kuch, tayanch va suyanch bo‘lishga qodir yosh avlodni voyaga etkazish borasida ta’lim-tarbiya va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan keng qamrovli tadbirlar uzviy davom etmoqda.

O‘tgan 25 yil ichida institutda olib borilgan ma’naviy-ma’rifiy faoliyat bosqichma-bosqich tashkil qilinib, 1991-2001 yillarda institutda ta’lim jarayonida, talabalarning darsdan bo‘sh vaktlarida, talabalar turar joylarida yashovchilar bilan, talabalar salomatligi yo‘lida olib borilgan ma’naviy-ma’rifiy faoliyatning qamrovliligi oshirildi;

2002-2012 yillarda barkamol avlodni tarbiyalashning maqsad va mohiyati, usul va vosita, shakl va ko‘lami hamda natijasini belgilab beruvchi tizimlashgan mexanizmni shakllantirish ishlari olib borildi;

2013-2017 yillarda esa, kadrlar tayyorlash milliy modelining mohiyatidan kelib chikib, komil inson va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashning maqsad va mohiyati, usul va vosita, shakl va ko‘lami hamda natijasini belgilab beruvchi tizimlashgan yaxlit mexanizmni shakllantirish maqsad qilib olingan.

Biz bugungi kunda demokratik fuqarolik jamiyatiga, chuqur integratsiyalashgan iqtisodiy makonga, yagona kommunikatsiya va axborot tizimiga kirib, shaxdam qadam qo‘ymoqdamiz. Bosgan qadamimiz qatiyatli va ishonchli bo‘lishi uchun esa bizga o‘z Vatanini sevadigan, bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlay oladigan zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar zarur. "Zamon talabiga mos mutaxassis tayyorlamoqchi ekanmiz, - deb ta’kidlaydi, Prezidentimiz, — birinchi navbatda o‘quv yurtlarimizning shakli, qiyofasi va tarkibi, moddiy bazasi ham zamonaviy bo‘lishi shart".

Ushbu talabdan kelib chiqqan holda institutning rivojlanish strategiyasi belgilab olingan. Ularga:

- bilimga chanqoq, iste’dodli yoshlar bilan ishlashga jiddiy e’tibor berib, ularning etarli ma’lumot olishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratish. Talabalarga o‘qitilayotgan fanlar bo‘yicha pedagog-xodimlarni erkin tanlashga imkon berish;

- pedagog-xodimlarning saviyasi va bilimini oshirishga barcha shart-sharoitlarni yaratish. Zero, ular o‘z ustida ishlamasa, o‘z sohasi bo‘yicha rivojlangan mamlakat universitetlarining professorlari bilan tajriba almashmasa, albatta, bunday ahvol o‘quv jarayoniga salbiy ta’sir qiladi;

- ta’lim avvalo darslikdan boshlanishini inobatga olib, uni yaratishga har bir soha vakillarini keng jalb qilish va talabalarni zamonaviy adabiyotlar bilan ta’minlashga erishish;

- institutning rivojlangan davlatlardagi oliy o‘quv yurtlari bilan aloqasini yanada mustahkamlash. Aloqalarning o‘zaro tengligini ta’minlash maqsadida institut maqomini xorijdagi oliy o‘quv yurtlari maqomiga tenglashtirish, ya’ni institutga "akademiya" yoki "universitet” maqomi berilishiga erishish;

- institutda zamonaviy o‘quv kompleksiga ega bo‘lishi yo‘lida nobyudjet mablag‘larni ko‘proq ishlab topishga, chet el capmoyalari, xalqaro donorli tashkilotlar va jamg‘armalarning mablag‘larini jalb etishga erishish, vasiylik va homiylik ishlarini yanada kengaytirish;

- ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada chuqurlashtirish. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy tekshirish institutlarining ilmiy salohiyatidan kengroq foydalanish, Moliya vazirligi va uning joylardagi bo‘limlari, Markaziy va tijorat banklar, soliq va sug‘urta tashkilotlari, shuningdek, boshqa birlashmalar, korporatsiya, kompaniya va yirik korxonalar bilan hamkorlikda ilmiy-amaliy, o‘quv-uslubiy ishlarni rivojlantirishga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish kabilar kiradi.

Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshira borib, belgilangan rejalarni ro‘yobga chiqarish institut nufuzini, mavqeini yanada oshishiga, uning xalqaro maydon sari yanada dadil borishiga asos bo‘ladi.

Prezident Islom Karimov ta’kidlaganidek, mamlakatimizning bundan keyingi taraqqiyotiga ta’lim tizimini yangilamasdan, uni rivojlantirmasdan, ya’ni mustaqil jamiyatning yangi talablariga va yangicha o‘lchovlariga to‘la javob beradigan yangi fuqaroni shakllantirmasdan turib erishib bo‘lmaydi. Buning uchun institutda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha rahbar xodimlar, pedagog-xodimlar va talaba-yoshlarning har biri shaxsan faol ishtiroki, bu sohaga qo‘shayotgan shaxsiy ulushi haqidagi tuyg‘u va maqsad bilan yashashi zarur. Zero, mustaqillik shaxsiy va jamiyatimiz manfaatlarini chinakam uyg‘unlashuviga katta imkoniyatlar yaratib bermoqda. Ta’lim tizimining har bir xodimi “Vatan men uchun nima berdi?” deb emas, balki “Men vatanga nima berdim?” degan ezgu fikr bilan, elim deb, yurtim deb yonib yashashlari kerak.

SHu zaminda yashayotgan har bir oila, ota-ona uchun, jamiyatimiz va davlatimiz uchun eng katta ishonch - tayanchimiz, suyanchimiz - o‘sib kelayotgan yosh avlod, sevimli farzandlarimizdir.

Bizning bugungi eng buyuk vazifamiz va muqaddas burchimiz tarixdan o‘zimizga munosib sahifa ochish va uni kelajagimiz uchun ibrat bo‘lgulik olijanob va savobli ishlar bilan to‘ldirish, jondan aziz bolalarimizga zamon talablari darajasida bilim berish, ularni haqiqiy vatanparvar va yurtparvar etib tarbiyalash, voyaga etkazish. Bizdan mangu qoladigan vatan shonu-shuhrati, qudrati va salohiyatining yuksalishi uchun o‘zimizning fidoiy mehnatimiz bilan munosib hissa qo‘shishdir!

 

 

Success helper
Success warning