“Xotin-qizlar tazyiqlariga qarshimiz”

“Xotin-qizlar tazyiqlariga qarshimiz”

     Dunyodagi davlatlarning hammasida ham xotin-qizlarni tazyiq va zo’ravonlikdan himoya qilish borasidagi qonunlar qabul qilinmagan. O’zbekiston “Xotin-qizlarni tazyiq va zo’ravonlikdan himoya qilish to’g’risida”gi va “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to’g’risida”gi qonunlarni qabul qilgan sanoqli davlatlar qatoriga kiradi. Mazkur qonunlar davlat va boshqa tegishli tashkilotlarni ayollar zo’ravonligiga qarshi kurashish va ularga barham berishga chaqiradi va o’z navbatida zo’ravonlik va tazyiqdan jabr ko’rganlarni himoya qilishda muhim mexanizm hisoblanadi.

      2021-yilning 26-fevral kuni Yunusobod tumani Ichki ishlar bo’limi Xotin-qizlar masalalari bo’yicha katta inspektorlari mayor Zulxumor Qodirova, katta leytenant Marmaxamat Pirmatova, mayor Sayyora Mavlyanova, katta leytenant Xilola Sotvoldiyeva ishtirokida davra suhbati bo’lib o’tdi. So’zga chiqqan mutaxassislar ayollarni tazyiq va zo’ravonlikdan himoya qilish sohasidagi ichki ishlar organlarining faoliyati, Ichki ishlar vazirligi tizimida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo’yicha inspektor va psixolog shtatlari joriy etilganligi, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo’yicha komissiya tashabbusi bilan yaqinda “Ishonch telefoni” xizmati yo’lga qo’yilganligi, tazyiqqa uchragan ayollarga yordam berish, muammolariga yechim topish maqsadida zo’rlik ishlatishdan jabr ko’rgan ayollar uchun reabilitatsiya va moslashtirish markazlari tashkil qilinganligi, “Zo’ravonlikka yo’l yo’q” “telegram-bot” kanali ishga tushirilganligi, tazyiq va zo’ravonlikka uchragan ayollarga taqdim etiladigan himoya orderining mohiyati va berilish tartiblari to’g’risida batafsil to’xtaldilar. Tadbir so’nggida Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo’ravonlikning oldini olishga doir chora-tadbirlar to’g’risida videoroliklar namoyish etildi.

 

11:51 / 2021-02-27
Success helper
Success warning