Diqqat! Muhim xabar!!!

Diqqat! Muhim xabar!!!

Hurmatli professor-oʻqituvchilar, ota-onalar va qadrli talaba-oʻquvchilar diqqatiga!

Xabaringiz bor, 2021-yil 24-dekabrda davlatimiz rahbari tomonidan oliy taʼlim tizimini tub ijobiy oʻzgarishlarga olib keladigan oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy, akademik va tashkiliy-boshqaruvda mustaqillik berish borasidagi 2 ta tarixiy qaror imzolandi. Bu bilan esa – Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida yangi davr boshlab berildi.

Qaror bilan 2022-yil yanvar oyidan boshlab respublikadagi eng salohiyatli 35 ta oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berilishi – bu boradagi vazifalarni sifatli tarzda amalga oshirish va hozirdanoq mustahkam poydevor yaratishni talab etadi. 

Bu oʻz navbatida, oliy taʼlim muassasalari boshqaruvida yangicha tizim asosida yondashuvni talab etadi.

Shu maqsadda, oliy taʼlim tizimi tarixida ilk marotaba – rektorlar, prorektorlar, dekanlar va moliya masalalariga masʼullar uchun oʻz kasbiy mahoratini oshirish, yangicha tartibda ishlashni boshlash maqsadida joriy yil 10-24-yanvar kunlari amaliy seminar-treninglar tashkil etiladi.

Shu bilan birga, oliy taʼlim muassasalari kredit-modul tizimiga toʻliq oʻtganligi sababli kafedra mudirlari va professor-oʻqituvchilari uchun asosiy ishdan ajralgan holda  oʻquvlar barcha oliy taʼlim muassasalarida tashkil etiladi.

Bu jarayonga oliy taʼlim muassasalari huzuridagi barcha professional taʼlim muassasalari hamda akademik litseylar rahbarlari ham jalb etiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, 2021/2022 oʻquv yilining ikkinchi yarmini toʻliq va puxta tayyorgarlik koʻrgan holda boshlash maqsadida oliy va professional taʼlim muassasalari, akademik litsey talaba-oʻquvchilari uchun qishqi taʼtil muddati 2022-yil 24-yanvarga qadar uzaytirildi.

Oʻz navbatida, qishki taʼtil davrida oliy va professional taʼlim muassasalari, akademik litseylar talaba-oʻquvchilarining vaqtini mazmunli oʻtkazish maqsadida oliy taʼlim muassasalari rektorlari hamkorligida onlayn fan olimpiadalari, intellektual viktorinlar tashkil etiladi.

Barcha yoshlarimizni ushbu tadbirlarda ishtirok etib, oʻz salohiyatlarini namoyon qilishga chorlab qolamiz!

Talaba-oʻquvchilarga oʻz uylaridan taʼlim muassasalariga qaytishlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida avia hamda temir yoʻl chiptalari tarif qismidan 50 foiz miqdorida chegirma berilishi muddati ham 2022-yilning 24-yanvariga qadar uzaytirildi.

Va asosiysi – 2022-yilning 11-yanvarigacha boʻlgan muddatga xarid qilingan avia va temir yoʻl chiptalari bepul tarzda tegishli muddatga almashtirib beriladi.

Mazkur masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlikda Maxsus shtab tashkil etilgan boʻlib, barcha tashkiliy masalalar yuzasidan quyidagi ishonch telefonlariga (10-06, 71-246-97-45, 71-246-28-63) murojaat qilishingiz mumkin!

13:15 / 2022-01-06
Success helper
Success warning