“O‘zbekinvest” va Toshkent moliya instituti: yangi formatdagi loyihaga start berildi

“O‘zbekinvest” va Toshkent moliya instituti: yangi formatdagi loyihaga start berildi

Toshkent moliya instituti va “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumga asosan institut “Sug‘urta va pensiya ishi” kafedrasining ushbu sug‘urta kompaniyasida filiali tashkil etilgan edi.

2022-yil 5-mart kuni kafedraning kompaniyadagi filiali bazasida institutning Soliqlar va sug‘urta fakulteti “Sug‘urta ishi” ta’lim yo‘nalishi 3-kursida tahsil olayotgan talabalar uchun maxsus o‘quv mashg‘ulotlariga start berildi. Ushbu loyihaning muhim jihati shundaki, talabalar ixtisoslikka oid nazariy bilimlarini har haftaning 5 kuni davomida olishi barobarida sug‘urta kompaniyasining tajribali va yetakchi mutaxassislari tomonidan haftaning shanba kunlari o‘tkaziladigan amaliy mashg‘ulotlar asosida mustahkamlaydi.



“O‘zbekinvest” kompaniyasi va institut hamkorligida amalga oshirilayotgan ushbu loyihaning ochilishi marosimida so‘zga chiqqan kompaniya “Sug‘urta maktabi” direktori B.Kamilov, institut “Sug‘urta va pensiya ishi” kafedrasi mudiri X.Shennaev loyihaning ahamiyati xususida atroflicha to‘xtalib o‘tdilar. B.Kamilov ushbu loyiha qariyb 4 oy davom etishini va o‘quv mashg‘ulotlari vaziyatli masalalarni yechish shaklida zamonaviy kompyuter texnologiyalariga tayangan holda tashkil etishini ma’lum qildi.



“5+1” formatiga asoslangan o‘quv mashg‘ulotlarining dastlabki kuni talaba-yoshlarda katta qiziqish o‘yg‘otdi. Talabalar institutda o‘qishi bilan bir qatorda o‘rindoshlik asosida kompaniya tuzilmalarida ishlashi mumkinligi, binobarin, shu orqali qo‘shimcha daromadga ega bo‘lishi qayd etildi. Zero, 2022-yil 4-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev raisligida bo‘lib o‘tgan mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ham talabalarning ishlab, daromad topishlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish vazifalari belgilangan edi.


15:15 / 2022-03-06
Success helper
Success warning