Mahalla odobi – kitob
Joriy yilning 17-mart kuni Toshkent moliya institutiga biriktirilgan Yashnobod tumani “Shirinobod” MFYda mahalla yoshlarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularning kitobga hamda kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqish va eʼtiborini yana-da oshirish maqsadida institut tashabbusi bilan mazkur mahallada kutubxona tashkil etildi. Shu munosabat bilan ushbu kutubxonaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Shirinobod” MFYda joylashgan ushbu kutubxonaga jami 800dan ortiq badiiy, ilmiy adabiyotlar taqdim etildi. Bu, albatta, kutubxona fondining rivojlanishi uchun debochadir. Kelgusida mahalla yoshlarining bilim olishlari, ko‘proq mutolaa bilan band bo‘lishlari uchun kutubxona fondi kengaytirilib, 2000dan ortiq fondga ega bo‘lishi taʼkidlandi.
Mazkur tadbir davomi sifatida mahallada joylashgan 30-sonli umumtaʼlim maktabi o‘quvchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu taʼlim maskani kutubxonasiga ham 100dan ortiq badiiy kitoblar taqdim etildi.
Shuningdek, Toshkent moliya institutining iqtidorli talaba-yoshlari tomonidan kitobxonlik chiqishlari maktabda tahsil olayotgan o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi.
Istiqbolda institutga biriktirilgan mahallalarda bu kabi tashabbuslarni keng ko‘lamda tashkil etish rejalashtirilgan.