JASORAT VA MATONAT KO‘RSATGANGA E’TIBOR HAMDA EHTIROM

JASORAT VA MATONAT KO‘RSATGANGA E’TIBOR HAMDA EHTIROM

   9-may – “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan keksalar, yolg‘iz qariyalar, nogironlar va xizmat vaqtida halok bo‘lgan harbiylar oilalari xolidan habar olish maqsadida 2019-yilning 1-mayidan boshlab institut rahbar xodimlari va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi institut boshlang‘ich tashkiloti a’zolari hamrohligida 1941-1945 yillardagi ikkinchi jahon urushi, afg‘on urushi, 1999-yil 16-fevral voqealari, 2000-yil Uzun va Sariosiyo tumanlaridagi harakatlar, 2004-yil Toshkent shahri va viloyati hamda Buxoroda amalga oshirilgan qo‘poruvchiliklar va 2005-yil Andijondagi terrorchilik va diniy ekstremistik harakatlarda Vatanimiz sarhadlarining daxlsizligi va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan insonlarning porloq xotirasini yod etib, ularning uylariga tashrif buyurib kelmoqdalar.  

Jumladan, 2019-yilning 4-may kuni institutning Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti rahbariyati va O‘zbekiston yoshlar ittifoqining fakultet boshlang‘ich tashkiloti a’zolari Toshkent shahri, 22-Aviashaharcha, 30-uy, 18-xonadonda yashagan Surxondaryo viloyatining Uzun va Sariosiyo tumanlaridagi 2000-yilda bo‘lib o‘tgan harakatlarda vatanimiz sarhadlarining himoyachisi sifatida mardona qatnashib, 2005-yilda yaradorligi sababli halok bo‘lgan, Zavodskoy Mixail Nikolayevichning xonadoniga tashrif buyurdilar. Tashrif jarayonida Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti o‘quv ishlari bo‘yicha dekan muovini S.Sherov va fakultet yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini O.Xudoyberdiyev va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi fakultet Kengashi raisi M.Xamrakulova hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining fakultet guruh yetakchilari marhumning uyida uning turmush o‘rtog‘i Berezovskaya Natalya va uning qizi Anastasiya Berezovskayalar bilan uchrashdi.

So‘zlari duoga aylangan Zavodskoy Mixail Nikolayevichning turmush o‘rtog‘i Berezovskaya Natalya o‘tgan mash’um kunlarni yodga oldi. U bugungi kunlarning qadriga yetish haqida nasihatlar qilib, el-yurt haqqiga duolar qildi. Marhumning turmush o‘rtog‘i Berezovskaya Natalya va uning qizi Anastasiya Berezovskayalar tashrif tashkilotchilariga o‘z minnatdorchiligini izhor qilgan holda, ularga mustaqilligimizni mustahkamlash uchun fidoyilik bilan mehnat qilishi, buning uchun tinmay o‘qib o‘rganish, izlanish, bilim, malaka va tajribalarini oshirib borish asosida el-yurtga, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish lozimligi xususida maslahatlar berdi.

Tashrif yakunida xonadon egalari ularga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun juda xursand ekanliklarini bildirib, yurtimiz osmoni doimo musaffo, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan davlatimiz rahbarlari va ta’lim sohasi vakillari sog‘-omon, yosh avlod barkamol bo‘lishini Yaratgandan so‘rab dildan duo qildilar. Tashrif yakunida Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti rahbariyati va talaba-yoshlari tomonidan Zavodskoy Mixail Nikolayevichning turmush o‘rtog‘i Berezovskaya Natalya va uning qizi Anastasiya Berezovskayalarga hurmat va ehtirom ramzi sifatida gullar hamda esdalik sovg‘alarini topshirdilar.

 

17:47 / 2019-05-17
Success helper
Success warning