Hamkorlik yanada mustahkamlandi: Polotsk Davlat universiteti bilan qo‘shma fakultet

Hamkorlik yanada mustahkamlandi: Polotsk Davlat universiteti bilan qo‘shma fakultet

   O‘zbekistonda oliy ta’limga respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim bo‘g‘ini sifatida e’tibor qaratilib, sohada jamiyat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlariga mos ravishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda oliy ta’lim sohasi bo‘yicha qabul qilingan qarorlar, normativ hujjatlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3775-son Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashdan kelib chiqib, 2018-yil 22-sentyabrda Toshkent moliya instituti va Polotsk davlat universiteti o‘rtasida mazkur OTMlari rektorlari tomonidan hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Joriy yilning 3-iyul sanasida esa Polotsk davlat universiteti rektori Lazovskiy Dmitriy Nikolaevich va shu institutning o’quv ishlari bo’yicha prorektori Golubev Yuriy Petrovichlar Toshkent moliya institutiga tashrif buyurib o‘zaro hamkorlikda kadrlar tayyorlash yuzasidan shartnoma imzoladilar.

  Mazkur normativ hujjatga muvofiq Toshkent moliya instituti va Polotsk Davlat universitetining qo‘shma fakulteti to‘g‘risidagi Nizom hamda qo‘shma o‘quv rejalar bo‘yicha Belorus Respublikasi ta’lim vaziri hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri bilan kelishuvlar rasmiylashtirilib, ta’lim muassasalari rektorlari tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlandi. Hozirda mazkur qo‘shma fakultetni Toshkent moliya institutida tashkil etish hamda unga belgilangan tartibda talabalar qabulini amalga oshirish, o‘quv jarayonini esa 2019-yilning 1-oktyabridan boshlab tashkil etish bo’yicha qator ishlar olib borilmoqda.

    Rasmiy uchrashuvdan so’ng mehmonlarga Toshkent moliya institutida ilmiy va innovatsion izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida institutimiz rektori Azizov Ulug’bek O’ktamovich batafsil ma’lumotlarni yetkazdilar.

 

16:33 / 2019-07-08
Success helper
Success warning