“Государственные финансы” innovatsion web-darsligi tayyorlandi
“Moliya” kafedrasi professor-o‘qituvchilari professor Jiyanova Nargiza Esanbayevna va dotsent Tashmatova Rano Gaibovna tomonidan elektron darslikning yangi modernizatsiyalashgan shakli bo‘lgan “Государственные финансы” nomli rus tilida innovatsion web-darslik tayyorlandi. Innоvatsion web-darslik 60410400 – “Moliya va moliyaviy texnologiyalar” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, fanning o‘quv rejalari, fan dasturi va sillabusga muvofiq ravishda tayorlangan.
“Государственные финансы” innovatsion web-darsligi zamonaviy informatsion-kommunikatsion texnologiyalardan samarali foydalangan holda tayyorlangan bo‘lib, darslikdan turli qurilmalar (mobil telefon, noutbuk, kompyuter) yordamida foydalanish mumkin.
“Государственные финансы” innovatsion web-darslikda davlat moliyasining mohiyati va ahamiyati, davlat moliyasi nazariyalari, huquqiy asoslari, davlat moliyaviy siyosati va davlat moliyasini boshqarish, davlat byudjeti, davlatning maqsadli va byudjetdan tashqari fondlari, davlat krediti va davlat qarzini boshqarish, mahalliy moliya va mahalliy byudjet, davlat korxonalari moliyasi, davlat moliyasining iqtisodiyotni, jamiyatni ijtimoiy rivojlantirishdagi o‘rni va ahamiyati, shuningdek, davlat moliyasining investitsiya jarayonlariga ta‘siri, davlat moliya tizimidagi ijtimoiy sug‘urta va ijtimoiy ta’minot, O‘zbekiston Respublikasida davlat moliya tizimidagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlari yuzasidan nazariy va amaliy jihatlari keltirib o‘tilgan. Innovatsion web-darslikda bilimlarni mustahkam egallash uchun taqdimotlar, amaliy topshiriqlar, nazorat savollari, keyslar, testlar mavjud.
“Государственные финансы” innovatsion web-darsligi davlat moliyasi sohasida zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo’lgan zamonaviy talablarga javob beradigan yuqori malakali mutaxassislarni tayorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.