“Moliya bozori va moliyaviy texnologiyalar” darslik chop etildi
“Korporativ moliya va qimmatli qog‘ozlar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari S.Elmirzayev, N.Shavkatov, N.Sherkuzieva, A.Karimov, D.Abduraximova, S.Omonovlar tomonidan “Moliya bozori va moliyaviy texnologiyalar” fanidan “Moliya bozori va moliyaviy texnologiyalar” nomli darslik chop etildi.
Kitob haqida ma’lumot: Mazkur darslikda moliya bozor va moliyaviy texnologiyalarning nazariy asoslari, pul bozori, obligatsiyalar bozori, aksiyalar bozori, ipoteka qimmatli qog‘ozlari bozori, hosilaviy qimmatli qog‘ozlar bozori, xorijiy valyutalar va kriptovalyutalar bozori, qimmatbaho metallar bozori, moliya bozori tahlili, moliya bozori risklari va portfelni boshqarish, fond bozori va uning faoliyat mexanizmi, moliya bozorida boshqa moliya institutlari ishtiroki, moliya bozorini tartibga solish, moliyaviy texnologiyalar mohiyati: yuzaga kelish shart-sharoitlari va rivojlanish istiqbollari, raqamli iqtisodiyotda moliyaviy tеxnologiyalar roli, moliya bozorida intellektual tizimlar, robo-maslahatchilar (robo-advisors), muqobil moliyalashtirish va kroudfanding, moliyaviy tashkilotlarda moliyaviy texnologiyalar xususiyatlari va ularni joriy etish kabilar yoritib berilgan.
Darslikda mavzularning nazariy jihatlari atroflicha yoritilishi bilan birga, amaliy mashg‘ulotlar bo‘yicha nazorat savollari, talabalarni fikrlashga undovchi alohida topshiriqlar, test savollari, masalalar ham dasturda keltirilgan. Bunda asosiy e’tibor talabaning mustaqil ishlashiga qaratilgan.
Mavzular yoritilishida moliya bozorining milliy amaliyoti bilan birga, rivojlangan davlatlar tajribalariga ham alohida e’tibor qaratilganligini qayd etib o‘tish lozim. Shuningdek mustaqil ta’limni samarali tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan.
Darslik moliya, bank ishi, soliqlar va soliqqa tortish, buxgalteriya ishi va audit, sug‘urta ishi, baholash ishi, davlat byudjetining g‘azna ijrosi, investitsion loyihalarni moliyalashtirish, elektron tijorat, bank hisobi va audit, byudjet hisobi va nazorati, xalqaro valyuta kredit munosabatlari, pensiya ishi yo‘nalishi bakalavriat talabalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Moliya bozori va moliyaviy texnologiyalar” fani o‘quv dasturi asosida yozilgan.