TADBIRKORLAR VA SARMOYADORLAR DIQQATIGA!
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktyabrdagi PF-5847-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to’g’risida”gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentyabrdagi “Respublikada oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 563-sonli qarorida Davlat-xususiy sheriklik asosida oliy ta’lim muassasalari moddiy texnik bazasini rivojlantirishni jadallashtirish va talabalar turar joylarini barpo etish belgilangan.
Farmon va qarorda oliy ta’lim muassasalarining o’sib borayotgan ehtiyojlarini o’z vaqtida ta’minlash maqsadida infratuzilma ob’yektlarini qurish va ulardan foydalanishni tashkil etish ishlariga xususiy investitsiyalarni jalb qilish ko’zda tutilgan.
Toshkent moliya institutiga xususiy tashabbuskor «SHAXRUZBEK HALIMJON QURILISH» MCHJ tomonidan tashabbus taklifi, shu jumladan loyiha konsepsiyasi taqdim etilgan. Mazkur loyihada Toshkent shahar, Olmazor tumani, Chimboy 2 ko‘chasi 72 “V” uy, Toshkent moliya instituti hududida (0.3 gektar) yer maydonida 550 o’ringa mo’ljallangan talabalar turar joyi binosini qurish va faoliyatini tashkil etish rejalashtirilgan.
O’zbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik to’g’risida” 2019-yil 10-maydagi O’RQ-537-son Qonuniga va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tartibini takomillashtirish to’g’risida” 2020-yil 26-apreldagi 259-son qaroriga muvofiq mazkur loyihaning konsepsiyasi Toshkent moliya instituti tomonidan joriy yilning 4 oktyabrida tasdiqlangan.
Toshkent moliya instituti talabalarini zamonaviy shinam turar joy bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Ushbu loyihani amalga oshirishda manfaatdor tomonlar qiziqish bildirish uchun so’rov va takliflarini 2022-yil 20-noyabrgacha topshirishlari lozim.
Qiziqish bildirish uchun so’rov formasi
Qiziqish bildirish uchun so’rov va tenderlar (takliflar) quyidagi manzillarda qabul qilinadi:
“DXSH to’g’risida”gi qonunning 17-moddasiga binoan, qiziqish bildirish uchun so’rov va tenderlar (takliflar) olingan taqdirda, Oliy ta’lim vazirligi tomonidan loyihaning xususiy tashabbuskori va qiziqish bildirgan uchinchi tomonlar ishtirokida xususiy sherikni aniqlash uchun tender o’tkazadi.