Toshkent moliya institutida tashqi baholash ishlari amalga oshirildi

Toshkent moliya institutida tashqi baholash ishlari amalga oshirildi

"Joriy yilning 28-sentyabr – 2-oktyabr kunlari Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Toshkent moliya institutida tashqi baholash ishlari amalga oshirildi. Mazkur jarayonga bitiruvchilari mavjud bo‘lgan 12 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 12 ta magistratura mutaxassisliklari jalb etildi.

O‘rganishlar davomida institut qoshida “Grant Thornton” auditorlik kompaniyasi va sertifikatlangan diplomli buxgalterlar xalqaro assosiasiyasi (ASSA) bilan hamkorlikda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan “International institute of finance and accounting” innovasion o‘quv markazi, Malayziyaning “Binary University of Management & Entrepreneurship” universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Binary Graduate School” qo‘shma fakultetilarida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi.

Shuningdek, institut huzurida “DIGITAL FINANCE” inkubasiya va akselerasiya markazi ham yo‘lga qo‘yilgan.  Ushbu markaz orqali yoshlarning ilg‘or biznes g‘oyalari va tadqiqot ishlanmalarini monitoring qilish, tanlash va inkubasiya qilish, interaktiv treninglar tashkil etish orqali  biznes-jamoalarini qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, “Kapital Sug‘urta” sug‘urta kompaniyasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumiga ko‘ra institutda innovasion sug‘urta markazi ham tashkil etilgan. Ushbu markazda institutning «Sug‘urta ishi» yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalarga amaliyotdan malakali kadrlar jalb etilib, dars mashg‘ulotlari, master-klasslar, seminar-treninglar olib borilmoqda.

Institutda xalqaro hamkorlik bo‘yicha ham  qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, joriy yilda Qozog‘iston Respublikasining Qizilo‘rda shahridagi “Bolashaq” universiteti negizida institutining “International High School of Business” qozoq-o‘zbek qo‘shma fakulteti tashkil etilgan.

Tojikiston davlat huquq biznes va siyosat universiteti bilan bank ishi va audit, moliya va moliya texnologiyasi yo‘nalishlarida qo‘shma fakultet tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolangan. Unga ko‘ra, talabalar bakalavriat bosqichida 3+1 dasturi bo‘yicha ta’lim oladi.

Qayd etish lozim, bugungi kunda institut tarkibida 6 ta fakultet, 19 ta kafedra va 18 ta bo‘lim faoliyat yuritadi. Shundan bakalavriat bosqichidagi ta’lim yo‘nalishlari soni 21 ta va magistratura  mutaxassisliklari soni 12 tani tashkil etadi." - deb xabar bermoqda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rasmiy saytida

https://www.tdi.uz/news/503/

 

07:09 / 2020-10-15
Success helper
Success warning