Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga bag‘ishlangan onlayn-konferentsiya o‘tkazildi
Toshkent Moliya instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamkorligida 7-noyabr kuni “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari: imkoniyatlar va dolzarb masalalar” mavzusida xalqaro onlayn konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada Toshkent Moliya instituti va Respublikamizning boshqa oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining vakillari, Buyuk Britaniyaning Hult xalqaro biznes maktabi dottsenti Hamid Irgashev, ASSA, ASA, O‘zbekiston auditorlar Palatasi rahbarlari, mutaxassislar hamda talabalar ishtirok etishdi.
Konferensiyada moliyaviy hisobotning xalqaro standartalarini joriy etish masalalari bo‘yicha mahalliy va xalqaro tajriba qizg‘in muhokama qilindi. Jumladan, konferensiyada Hamid Irgashevning MHXSni joriy qilishning Buyuk Britaniya tajribasi bo‘yicha ma’ruzasi ishtirokchilarda katta taasurot qoldirdi.
Vebinarda Moliya vazirligining Buxgalteriya hisobi va audit uslubiyoti departamenti bo‘lim boshlig‘i M.M.Yaqubov “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini joriy etish – islohotlarning yangi bosqichi” mavzusida ma’ruza qildi va taqdimot o‘tkazdi. Taqdimot jarayonida ma’ruzachi Respublikamizda buxgalteriya hisobi sohasida olib borilayotgan islohotlarga, Moliya vazirligi tomonidan MHXSni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga, davlat tomonidan MHXSni joriy etishni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va MHXS bo‘yicha kadrlarni tayorlash tizimini takomillashtirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, ishtirokchilarga Vazirlik tashabbusi bilan ishlab chiqilgan masofaviy ta’lim platformalarining (IFRS.ACADEMY va PROFIMSFO.UZ) ishlash tartibi bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.
Konferensiya davomida ishtirokchilar tomonidan MHXSni joriy etish va MHXS bo‘yicha kadrlarni tayorlash tizimini takomillashtirish masalalari bo‘yicha asoslangan takliflar bildirildi hamda Respublikamizda buxgalteriya hisobi tizimini isloh qilish yo‘nalishlariga bag‘ishlangan bunday tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazib turish taklif etildi.