“Toshkent moliya instituti – korrupsiyadan holi oliy ta’lim muassasasi” loyihasini amalga oshirish yuzasidan institut jamoasining MUROJAATNOMASI
“Toshkent moliya instituti – korrupsiyadan holi oliy ta’lim muassasasi” loyihasini amalga oshirish yuzasidan institut jamoasining
MUROJAATNOMASI
O‘zbekiston bugun rivojlanishning yangi bosqichiga chiqdi. Bu ezgu ishlarda barcha sohalarni rivojlantiruvchi asosiy kuch, omil va resurs – alaloqibat kadrlar masalasiga borib taqalmoqda. Mamlakatimiz Prezidentining ulkan sa’y-harakatlari bilan ta’lim tizimi, shu jumladan oliy ta’lim tizimi boshqa sohalar kabi rivojlanishning yangi davrini boshidan kechirmoqda va muhim islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, oliy ta’lim tizimida hanuzgacha ayrim muammoli masalalar saqlanib qolmoqda. Shulardan biri, davlat va jamiyat rivojlanishiga rahna soluvchi illat – korrupsiya oliy ta’lim tizimiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatayotgani bor gap.
Jamiyatimizda mazkur illatga qarshi tizimli ravishda kurashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5729-sonli Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmonda 2019 yil 1 avgustdan boshlab eksperiment tariqasida, jamoatchilik va etakchi ekspertlarni, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda dastlabki bosqichda kapital qurilish va oliy ta’lim sohalarida Korrupsiyasiz soha loyihasini amalga oshirishni tashkil etish, 2020 yil 1 apreldan boshlab loyihani boshqa sohalarga ham bosqichma-bosqich joriy etish belgilab qo‘yildi.
Mamlakatimizda korrupsiya illatiga qarshi yanada qat’iy kurashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4761-son Qarori qabul qilindi va mazkur qarorga asosan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Endi bu illatga qarshi kurash yanada qat’iy bo‘ladi.
Xalqimizga sadoqat, fidoiylik, tashabbus ko‘rsatib va halollik bilan xizmat qilish fursati allaqachon yetganligini bugun biz – Toshkent moliya institutida mehnat qilayotgan har bir rahbar-xodim va professor-o‘qituvchilar juda yaxshi anglab turibmiz va institutda o‘quv, o‘quv-uslubiy, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni zamon talablari darajasida tashkil qilish, yoshlarga yetarli sharoitlarni yaratib berish, ularning innovatsion g‘oyalari, ishlanmalari, startaplari va boshqa sohalardagi ulkan iste’dodlarini yuzaga chiqarish hamda namoyon etishlari uchun barcha kuch va g‘ayratimizni safarbar qilamiz.
Institutda korrupsiya holatlarini yuz berishiga qarshi har bir jabhada, har kuni va qadamda kurashishga so‘z beramiz. Korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashni qabul jarayonlaridan boshlab, talabalar o‘qishini birinchi kursdan to oxirgi kursiga qadar barcha fanlarni o‘zlashtirish, kurs ishi, bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyalarini himoya qilish, oliy ta’limdan keyingi ta’limda ham birdek tashkil etamiz.
Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlarini sodir etgan institut jamoasi a’zosi – u kim va qaysi lavozimda ishlashidan qat’iy nazar, unga nisbatan “Qonun ustuvor – jazo muqarrar”ligi ta’minlanadi. Bu yo‘lda kim to‘g‘ri xulosa chiqarmasa, ayab o‘tirilmaydi.
Institut jamoasining birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida biz albatta so‘zimizning ustidan chiqamiz.
Aziz yurtdoshlar, yoshlar va ota-onalar!
Afsuski, jamiyatimizda oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlarida turli xil qing‘irliklar va ko‘ngilsizliklar ancha kamaygan bo‘lsada, uchrab turibdi. Bu xabarlar turli ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritilmoqda. Shundan xulosa qilib, institutga qabul jarayonlarida turli nayrang va firibgarliklar qurboniga yoki a’zosiga aylanib qolmang. Hech qachon sababsiz oqibat bo‘lmasligini yoddan chiqarmang. Faqat va faqat yoshlarning bilimiga ishoning va shunga tayaning. Institutda ta’lim-tarbiya olayotgan yoshlarimiz vaqtini bekorchi narsalarga sarflamay, faqat bilim olish bilan band bo‘lishlarida ta’lim tizimi vakillariga ko‘makdosh bo‘ling. Chunki, oila – jamiyatning asosi, ta’lim-tarbiyaning o‘zagi ekanligini unutmaylik.
Ta’magirlik, pora olish yoki pora berish va unga undash kabi jirkanch illatlarga qarshi kurashda qisqa muddatlarda samarali natijaga erishib, boshqa sohalarga o‘rnak bo‘laylik. Chunki, ziyolilar jamiyatni oldinga yetaklovchi asosiy kuch sanaladi. Ana shunday ziyolilarni yetishtirib beruvchi Toshkent moliya instituti turli illatlardan holi haqiqiy ziyo maskaniga aylansin.
Shunda Xalqimiz, Vatanimiz, Prezidentimiz va Yaratganning oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi.
Toshkent moliya instituti jamoasi