Barkamol avlod-yurt tayanchi
Mamlakatimiz istiqlolini, u bilan bog‘liq tarixiy sana va voqea-hodisalarning mohiyatini chuqur anglash va qadrlash, har tomonlama munosib nishonlash ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayotimizda alohida o‘rin tutadi. Shu sababdan mahalla yoshlarini sportga, bilim va zakovatga qiziqishini orttirish, ularni bo‘sh vaqtlarini mazmunli va maroqli o‘tkazish, yosh avlodni Vatan tuyg‘usi bilan o‘sishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshkent moliya instituti Yashnobod tumani Shirinobod mahallasi bilan hamkorlikda 2021-yilning 10-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi hamda “2021-yil - Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”ga bag‘ishlangan «Barkamol avlod-yurt tayanchi» nomi ostida ommaviy tadbir o‘tkazildi.
Institutning “Bank ishi” kafedrasi dotsenti Sh.Davirova ssenariyasi asosida tayyorlangan ommaviy sport tadbirida kafedraning barcha professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etdilar. Tadbirda O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan viktorina hamda stol tennisi, arqon sakrash, shashka, shaxmat va armrestling sport turlaridan mahalla o‘g‘il-qizlari o‘rtasida musobaqalar o‘tkazildi. Har bir sport turida qatnashgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida qizg‘in baxslar bo‘lib o‘tdi va g‘oliblar aniqlandi. Tadbirga institutning "Moliyachi gulshani" ashulla va raqs ansamblining ashulalari o’zgacha fayz bag‘ishladi.
«Barkamol avlod-yurt tayanchi» nomi ostidagi mazkur tadbir g‘oliblari va faol ishtirokchilari Toshkent moliya instituti prorektori O‘ktam Tilovqobilovich Norboev va “Bank ishi” kafedrasi mudiri Akrom Abdunazarovich Omonov, Shirinobod mahallasi raisi Abdunazar Zayitovich Mirbaratovlar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.