Foydali ilm-tugamas kirim

Foydali ilm-tugamas kirim

       Baholash ishi va investitsiyalar kafedrasi Byudjet hisobi va g’aznachilik fakultetida “Kafedra haftaligi” doirasida “Foydali ilm-tugamas kirim” mavzusida tadbir tashkil etdilar.

 

 Mazkur tadbirda Toshkent shahridagi “Umar ibn Xattob” jome masjidi imom-xatibi Mansurxon domla Daminov ishtirok etib fakultet talabalariga odob, ilm, kitob hamda ustoz yakdilligi orqali foydali ilm egasi bo’la olish hikmatini o’rgatdilar.

 

 Ustoz o’z ma’ruzalarida “-Ilm afzalmi yoki odob?”- deb talabalardan so’radilar. Talabalar turlicha javob qaytardilardilar. So’ng yana o’zlari javob berdilar: “Odob afzal. Chunki, go’zal xulq, odob har qanday olimu-hunar egasining benazir ziynatidir. Mo’tabar insonlar nimaga erishgan, fazilat va daraja topgan bo’lsalar faqat hurmat, odob saqlash bilan erishganlar. Kimki o’z obro’-e’tiboridan, erishgan fazilatidan ayrilgan bo’lsa, bilsinki, u faqatgina bu ayriliqni odob saqlashni loyiq ko’rmagani, hurmat va e’zozni tark qilgani sababidandir”- deb izoh berdilar.

 

 “Kitob o’qish, dars tayyorlash, saboq olish, muhokama qilish kabi mashg’ulotlar bilan ham ilm hosil qilish mumkin, lekin u yodda qolmaydigan, yoki zarur vaqtda foyda bermaydigan ilm bo’ladi. Shuning uchun ham biz uchun beminnat maslaxatgo’y, ilmidan o’zi ham, boshqalar ham manfaat topishidan mamnun bo’lguvchi zot-Ustoz kerak bo’ladi.

 

 Тalaba olayotgan ilmini va hikmatlarni chuqur ehtirom bilan tinglamog’i darkor. Agar bir masalani ming marotaba eshitishga to’g’ri kelsa, har vaqt butun vujudini quloq qilib, joni bilan eshitmog’i kerak. Va yana bilingki, hamma narsa sarflash bilan zavol topadi, faqat ilm qancha sarflansa shuncha ziyoda bo’ladi”- deya takidladilar M.Daminov o’z so’zlarida.

 

 Mexmon talabalar bilan xayrlashar ekanlar “…Har shonu-sharaf, shavkatga jiddu-jaxd, mehnat bilan erishiladi. Unga ota-bobolarning xizmati bilan hech qachon erishib bo’lmaydi. Shon-sharafga, ulug’likka intilayapsizmi?! Siz ilmga jiddiy e’tibor bering, baxtli bo’ling!”-deya tilak bildirdilar.

 

 

17:54 / 2019-12-02
Success helper
Success warning