“Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2020-yil 12-oktyabr kuni intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida mazkur sohani yanada rivojlantirish va mamlakatimizda intellektual mulkning ishonchli himoyasini ta’minlash borasida vazifalar belgilab berilgan edi. Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash, oliy ta’lim muassasalarida intellektual mulk obyektlarini yaratish va tijoratlashtirish borasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish, intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirish tartib-taomillari to‘g‘risida professor-o‘qituvchilarga keng axborotlar berish maqsadida Toshkent moliya institutida “Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilishning mavjud tizimi, muammo va yechimlari, oliy o‘quv yurtlarida ilmiy-innovatsion ishlanmalarni yaratish, ularga bo‘lgan mualliflik huquqlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va tijoratlashtirish borasidagi ishlar samaradorligi kabi masalalar atroflicha muhokama qilinib, soha mutaxassislari tomonidan chiqishlar qilindi.
Jumladan, tadbirda so‘zga chiqqan Toshkent moliya instituti rektori Teshabaev To‘lqin Zakirovich Prezidentimiz tomonidan intellektual mulk muhofazasi va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari oldiga qo‘yilgan vazifalarga to‘xtalib, bu borada institutda amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berib o‘tdi.
“Toshkent moliya instituti olimlari so‘nggi yillarda ilmiy-iinovatsion ishlanmalarni yaratish hamda ularga mualliflik guvohnomalarni olish borasida ijobiy natijalarga erishib kelmoqdalar. Jumladan, birgina 2019-yilda yaratilgan 31 ta ilmiy-innovatsion ishlanmaga mualliflik guvohnomasi olinib, shulardan, 12 tasini tijoratlashtirishdan 277,6 mln so‘m pul mablag‘lari tushumiga erishilgan.
Joriy yilning 1-oktyabr holatiga ko’ra institut jamoasi tomonidan 51 ta mualliflik guvoxnomasini olishga erishilgan.
Bugungi kunda institut bank-moliya tizimi, sug‘urta tashkilotlari, byudjet tashkilotlari bilan ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha faol hamkorlik qilmoqda. Jumladan, "Kreditga layoqatlilik tahlilining skoring modeli" nomli innovatsion dasturiy mahsulotni Agrobank, Trastbank, Davrbank, Universalbank, Savdogarbank, Turkistonbank, “Hi-Tech Bank” kabi banklar amaliyotiga joriy etish orqali innovatsion jamg‘armaga 227 mln. so‘m mablag‘ kelib tushgan.
Byudjet tashkilotlaridagi mavjud muammolardan kelib chiqib yaratilgan "Byudjet tashkilotlari hisob siyosati" nomli innovatsion ishlanma respublikamizning qator oliy ta’lim muassasalari va byudjet tashkilotlari amaliyotiga joriy etish orqali tijoratlashtirishdan 90,6 mln. so‘m pul tushumiga erishilgan” deb ta’kidladi rektor.
Tadbirda Toshkent moliya instituti va Intellektual mulk agentligi huzuridagi “Intellektual mulk konsultativ markazi” DUK bilan innovatsion-korporativ hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.
Tadbir doirasida “Intellektual mulk konsultativ markazi” DUK mutaxassislari tomonidan ishtirokchilar uchun “Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizmini takomillashtirish” mavzusida master-klass o‘tkazildi.
Shuningdek, tadbirda Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi vakillari tomonidan ham respublikamizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda innovatsion ishlanmalar va intellektual mulk obyektlarining ahamiyati xususida fikr-mulohazalar bildirib o‘tildi.