Xotira aziz, qadr muqaddas
Xotira shunday ruhiy-maʼnaviy qudrat-ki, u insonning insonligini anglatuvchi, uni oʻtmish va istiqbol bilan bogʻlab turuvchi buyuk qadriyat, ilohiy qudratdir. Xotira tiniqligi – tuygʻular tiniqligi, xotira yorqinligi – ruh yorqinligi, xotira tozaligi – hayot tozaligi, oʻylar, orzu-maqsadlar, intilishlar pokizaligidir. "Xotira va qadrlash kuni” milliy urf-odatlarimizga mos holda marhumlarni yod etish, tiriklarga sevinch ulashish kabi qadriyatlar qatoridan joy oldi.
Joriy yilning 7-may kuni Toshkent moliya institutida "9-may – Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan tadbir tashkil etildi.
Unda institut rahbariyati, institutda uzoq yillar davomida faoliyat koʻrsatgan faxriy professor-oʻqituvchilar, xodimlar va ayni vaqtda oliygohda faoliyat olib borayotgan yoshi ulugʻ ustoz-murabbiylar, xodimlar, institut jamoasi ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida “Xatmi Qurʼon” qilinib, oʻtganlar xotirasi yod etildi. Shundan soʻng, tadbir ishtirokchilariga osh tortildi.
Taʼkidlash kerakki, oʻtganlarning nomlarini yod etish, xotirasini hurmat bilan eslash muqaddas odat sifatida qon-qonimizga singib ketgan. Institutda koʻp yillar davomida mehnat qilib, hozirda nafaqada boʻlgan faxriylar va hozirda faoliyat yuritayotgan faxriy ustozlarimiz mehnati va matonati oldida bosh egamiz.
15:13 / 2022-05-07