Ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida BIR-71 akademguruhi talabalarining ko‘hna va navqiron Samarqand shahriga sayohatlari
O‘zbekiston marvaridi bo‘lgan “Samarqand” jahonning eng qadimiy shaharlaridan biri, Rim, Afina, Bobil singari qadimiy shaharlarning tengdoshidir. Dunyo xalqlari bu benazir maskan haqida “Jahon mamlakatlarning bezagi” va shu kabi go‘zal o‘xshatishlarni bejiz bag‘ishlamagan edilar. Ushbu tashbehlar va sirttan hosil qilingan – olamjahon taasurotlarni haqiqatdan o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, chinakam ishonchga aylantirish to‘g‘risidagi fikrlar parvozida BIR-71 akademguruhi talabalari guruh murabbiyi B.Muhamedov rahbarligida Samarqand shahri bo‘ylab sayohatni amalga oshirdilar.
Sayohat, dastavval, Samarqanddan uncha olis bo‘lmagan Jomboy tumani hududiga fayz bag‘ishlab turgan “Imom al-Buxoriy majmuasi”ni ziyorat qilishdan boshlandi. Zilol chashmaga sochlarini chayib turgan majnuntol va ushbu manzaradan uncha olis bo‘lmagan ko‘p qirrali sharqona suratdagi arkalar ichra buyuk din peshvosi, daho, mutafakkir xazratlari uchun maxsus bunyod etilgan sag‘ana savlat to‘kib turar edi. U yerga tashrif buyuruvchilar orasida xorijlik sayyohlar ko‘pchilikni tashkil etishini ko‘rib, nafaqat bu go‘sha ulkan turistik markazga aylanib borayotganligini balki, Hadis ilmining buyuk dahosi bo‘lgan Imom al-Buxoriy xazratlariga nisbatan dunyo xalqlarining o‘zgacha xurmatga ega ekanliklarini shundoqqina anglash mumkin edi. Majmuaning mufassalligini ta’minlab turgan muzeyda esa dunyo xalqlari va yirik siyosat arboblari tomonidan taqdim etilgan Qur’oni Karimning noyob nusxalari, islom dini tamadduniga taaluqli bo‘lgan qadimiy va nodir ashyolar ham e’tibordan chetda qolmadi.
Darhaqiqat, Samarqand dunyo taraqqiyotining eng qadimgi va markaziy shaharlaridan biri bo‘lib, jahon madaniyati va fani xazinasiga katta hissa qo‘shgan shahar ekanligiga to‘garagimizning har bir a’zosi sayoxat davomida takror va takror ishonch hosil qilib borar edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati rahbarligida mustaqillik yillari Samarqand shahridagi arxitektura yodgorliklarini tiklash va ta’mirlash, ayniqsa, eski shahar qismini qayta qurish va ta’mirlash, obodonlashtirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilganligi taxsinga sazovordir. Ayniqsa, Temuriylar sulolasi yaratgan arxitektura yodgorliklari Misr, Xitoy, Hindiston, Gretsiya, Italiya kabi davlatlarda yaratilgan arxitektura obidalaridan aslo qolishmaydi.
Aytish joizki, Amir Temur saroyida bo‘lgan ispan elchisi Rui Gonzales de Klavixo o‘z bitiklarida Samarqand haqida «Temur bu shaharning gullab-yashnashini xohlardi, u qaysi yurtni egallamasin, u yerdan odamlarni bu yerga yashashi uchun olib kelar, ayniqsa turli yo‘nalishlardagi ustalarni yig‘ishga harakat qilardi» deya, hayratlanib yozgan edi.
Shu sababdan ham, Samarqand shahri yodgorliklari o‘zining buyukligi bilan odamlarni qoyil qoldirgan bo‘lsa kerak. Uning binolari devorlaridagi zangori naqshlar, me’moriy shakllar, turli ko‘rinishlardagi geometrik shakllar kishini hayratga solishiga aslo shubha yo‘q. Bular Registon, Shohi Zinda, Go‘ri Amir maqbaralari ansambllaridir.
|
|
|
|
Samarqand atrofidagi Afrosiyob tepaliklari bo‘ylab Shohi Zinda me’morchilik ansamblining 11 ta maqbaralari joylashgan bo‘lib, hikoya qilishlaricha, bu ko‘chalarni qurishni hech kim rejalashtirmagan, ular o‘z-o‘zidan 100 yillar davomida paydo bo‘lib borgan ekan. Shohi Zinda so‘zi “Tirik shoh” ma’nosini anglatar ekan.
|
|
Eski shaharga kirish darvozasi oldidagi maydonda joylashgan “Bibixonim” nomidagi masjid ham o‘zgacha tarvot kasb etib turibdi. U to‘rtta inshootdan iborat bo‘lib, bular kirish galereyasi, asosiy masjid va ikkita kichik masjidlar, ular bir-biri bilan aylanma gumbazli va uch qatorli tosh devorlar orqali bog‘lanib ketar edi.
Aytishlaricha, Amir Temurning uzoq mamlakatlarga qilgan safarlaridan birida uning eng suyukli xotini, xalqchil tilda Bibixonim deb nom qozongan malikai Oliya Saroymulkxonim, mamlakatdagi eng mashhur bashoratchilarni yig‘ib, yulduzlardan bashorat qilgan vaqtda ushbu masjidni qurishni boshlagan ekan. Bibixonimning chiroyiga oshiq bo‘lib qolgan va sevgi yo‘lida devona bo‘lib, o‘z jonini fido qilgan yosh me’morlardan biri masjidni qurilishi tugashi arafasida ishni paysalga sola boshlabdi, chunki masjid qurulishining tugashi uning uchun Bibixonim ruhsoridan ayrilish bilan barobar edi-da. Ana shunday kunlarning birida shaharga Amur Temurning chopari keladi va uning shaharga qaytayotgani haqidagi habarni aytadi. Bibixonim usta me’morlardan masjid qurilishini tezroq tugatishni talab qiladi buning uchun xar qanday shartga roziligini aytadi. Me’mor qurulishni tezroq tugatish uchun bitta shart qo‘yadi, u ham bo‘lsa Bibixonimning bitta bo‘sasi edi. Nima qilish kerak? Bibixonim rozi bo‘lishdan boshqa chora topmaydi. Aks xolda Malika Oliyalarining lafzsizligi haqida gap-so‘zlar bo‘lardi. Malika noiloj yuziga yostiq qo‘yib, yostiq ustidan bo‘saga rozi bo‘ladi. Lekin yosh me’morning bo‘sasi shu darajada kuchli va issiq, malika Oliyalari esa nihoyatda nomusli, oriyat va andishaga bino qo‘ygan ediki, bu bo‘sa yostiq ustidan ham o‘tib sohibjamolning yuzida iz qoldiradi. Amir Temur shaharga kirib kelib masjidni zavq bilan tomosha qiladi. U xotini bilan ko‘rishayotganda uning yuzidan harir pardani oladi va bo‘sa izini ko‘radi. Bundan tutoqib ketgan Amir Temur gunohkorni topishni so‘raydi. Hamma yosh me’morni qidirishga tushadi, lekin u o‘zini mudhish jazo, o‘lim kutayotganligini bilib, minoraning eng baland nuqtasiga chiqadi va oldindan tayyorlab qo‘yilgan qanotlarni taqib, Mahsharga uchib ketadi…
|
|
Samarqand maqbaralari ichida biz sayohatchilarda yanada ulkan taassurot qoldirgan eng mashhur me’moriy ob’ekt Go‘ri Amirdir.
Bu maqbara Amir Temurning suyukli nabirasi Muhammad Sultonga atalgan, lekin hozirgi kunda bu yerga Amir Temur, uning o‘g‘illari va boshqa nabiralari, o‘rta asrlarning ulug‘ olimi Ulug‘bek dafn etilgan, bu maqbara temuriylar maqbarasiga aylangan ekan.
|
|
Eski Samarqandning markazi Registon sanaladi. Bu yerga shaharning hamma tomonidan ko‘chalar qo‘shiladi. Eski davrlarda maydondan katta kanal o‘tgan va u juda ko‘p qum uyumlarini oqizib kelgan. Shu sababli bu maydon Registon nomini olganki, ma’nosi “Qumli joy” yoki “Qumli maydon”. Registon o‘n beshinchi asrgacha katta savdo markazi bo‘lgan ekan. Qadimiy Samarqand shahrining rasmiy markazi sanalgan Registon maydonida uchta madrasa qad ko‘targan edi: Ulug‘bek madrasasi (1417-1420), Sherdor madrasasi (1619-1636), Tilla-qori madrasasi (1647-1660). 2001-yilda bu uch madrasa YUNESKOning butun dunyo yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilganligini barchamiz bilamiz. Registon - qadimiy ilm, ta’lim muassasalari joylashgan joy bo‘lib, Sharqdagi shahar qurilishi san’atining eng ko‘zga ko‘rinarli namunalaridan biri hisoblanadi. U haqda Temuriylar fahr bilan: “Kim bizning kuch-qudratimizga shubha qilsa, kelib biz qurgan binolarni ko‘rsin”, deb bejiz aytmaganlarini bugun biz o‘z sayohatimiz natijasi o‘laroq to‘liq idrok etib turibmiz. Zero, bu qadimiy shaharni maroq bilan tomosha qilar ekansiz, ko‘z oldingizda afsonalar gavdalangandek, har devor, har bir naqshda buyuk sarkarda bobomizning barmoq izlari, zangor yo‘laklarda oyoq tovushlari goh quloqlarimizga chalinar, goh ko‘zlarimizga ko‘ringanday bo‘ladi. Baland ayvonlarda u kishining siymosi ko‘ringanday bo‘ladi. Bu maskanni ulkan qalb, beqiyos muhabbat bilan sevib qolasan kishi.
|
|
Tashrif asnosida talaba-yoshlar “Hazrati Hizr” majmuasida bo‘lib, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti, mustaqilligimiz asoschisi Islom Karimov qabrini ziyorat etdilar va xotirasi mangulikka dahldor bu ulug‘ siymo haqqiga duoyi fotiha qilindi. Shunday mas’uliyat kasb etuvchi ushbu sayohatdan so‘ng talaba-yoshlar azim poytaxt Toshkentga ulkan taassurotlar bilan qaytishdi.
|
|
|
|