Bitiruvchi-2020
21-iyul kuni 2019-2020 o‘quv yilida Toshkent moliya institutini muvaffaqiyatli tamomlagan bakalavr hamda magistrlarni tabriklash maqsadida «Bitiruvchi – 2020» tantanali tadbiri ZOOM dasturi orqali o‘tkazildi. Unda, Toshkent moliya instituti rektori v.v.b. i.f.d., professor Sultonali Umaralievich Mehmonov bitiruvchilariga tabrik yo‘lladi.
Toshkent moliya institutini bitiruvchilariga
TABRIK!
Hurmatli bitiruvchi talabalar, aziz yoshlar!
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarimizni ta'lim olishi uchun zarur bo‘lgan barcha imkoniyatlar yaratib berildi. Ayniqsa yosh avlodni oliy ta'limga qamrab olish uch yil oldin 9 foizni tashkil etgan bo‘lsa bu ko‘rsatkich bugungi kunda 25 foizni, bu o‘quv yilida 36 foizni va kelgusida 50 foizga yetkazish belgilangan. Muxtaram Prezidentimizning sayi xarakatlari bilan oliy ta'limga talabalarni qabul qilishning adolatli shaffof tizimi yo‘lga qo‘yildi, moddiy texnik ba'za mustaxkamlandi, ta'lim jarayoni xalqaro umumqabul qilingan me'erlarga muvofiqlashtirildi. Natijada yoshlarimizni ixtidorlarini rag‘batlantirish va takomillashtirish tizimi tubdan yangilandi.
Toshkent moliya institutini o‘tgan mas'uliyatli o‘quv yili davomida qadrli professor-o‘qituvchilar, murabbiylar hamda talaba-yoshlarimizning mehribon ota-onalarining qo‘llab-quvvatlashlari asnosida joriy yilda 12 ta bakalavr yo‘nalishlarini 922 nafar, 12 ta magistratura mutaxassisligini esa 151 nafar talaba-yoshlar muvaffaqiyatli yakunladilar. Ulardan 193 nafar talaba a'lo baholar bilan institutimizni imtiyozli tamomladilar.
Fursatdan foydalanib, barchangizni davlat attestasiya sinovlarini yuqori saviyada topshirganingiz va Toshkent moliya institutini muvaffaqiyatli tamomlaganingiz bilan chin dildan tabriklayman. Bugun Siz hayotingizda yangi qadam qo‘ymoqdasiz va o‘z mehnat faoliyatingizni moliyachi-mutaxassis sifatida bank, soliq, sug‘urta, moliya va shu kabi muassasalarda ish faoliyatingizni boshlash arafasida turibsizlar.
Shu o‘rinda, moliyachi-iqtisodchi sifatida, ushbu vaziyatda halol mehnatingiz va ishga mas'uliyatingiz bilan tengdoshlar va hamkasblaringizga ibrat bo‘lishlaringizni so‘rab qolaman. Mamlakatimizda iqtisodiyotning moliya tizimini yanada rivojlantirishda buyuk ajdodlarimiz vorislari sifatida bor bilim va salohiyatingizni ayamay, xalqimiz xizmatiga kamarbasta bo‘lishlaringizga chaqiraman.
Oldingizga qo‘yilayotgan vazifalarni vijdonan bajarishingizga, oilangiz tayanchi va shu bilan bir qatorda o‘zbek xalqining munosib farzandi bo‘lib burchingizni sidqidildan ado etib, xalqimiz oldida turgan sinovli kunlarda o‘zingizni munosib ekanligingizni ko‘rsatib, belgilangan muassasalarda, soha mutaxassisi sifatida, mamlakatimiz iqtisodiy farovonligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shishingizga ishonaman va bu yo‘lda Sizlarga omad va zafarlar tilayman.
Toshkent moliya instituti
rektori v.v.b., i.f.d., professor S.Mehmonov