“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” – ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida institut professor-o‘qituvchilari va ishchi-xodimlarining Buxoro shahriga sayohati
Institut Rektorati va Kasaba uyushma qo‘mitasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-fevraldagi “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3514-sonli qarori asosida 2019-yilning 15-17 noyabr kunlari 40 nafar institut professor-o‘qituvchilari hamda ishchi-xodimlari uchun Buxoro shahriga jamoaviy sayohat tashkil etildi.
Sayohat davomida Qoraxoniylar davlatchilgining Movarounnahrdagi amiri Arslon Bug‘roxon ko‘rsatmasi bilan qad rostlagan, balandligi 50 metrga yaqin bo‘lgan, aylana bo‘yicha eni 9 metr va 104 ta aylanmali zinapoya g‘ishtdan terilgan hamda o’z zamonida minoradan turib azon aytilib, aholi namozga chaqirilgan yoki o‘ziga xos mayoq vazifasini ham o‘tagan Minorai Kalon yodgorligiga; Qadimda ham (1620 yillarda) huddi hozirdagi kabi Buxoro jamoatchiligining sergavjum markazlaridan biri bo‘lgan, maydonda kichik savdo maydonchalari, go‘zallik koshonalari, umumiy ovqatlanish va dam olib, xordiq chiqarish nuqtalari, hammomlar qizg‘in faoliyat yuritgan, dastavval faqatgina bozor maydoni hisoblangan Labi Hovuz majmuasiga; Ko‘p yillar muqaddam mahalliy amaldorlarining rasmiy idorasi bo‘lgan, 16-20 metr balandlikdan iborat, minglab qullarning mutlaqo qo‘l mehnati yordamida barpo etilgan, umumiy maydoni 4 gektardan iborat, “Shahar ichidagi shahar” deya atalgan Ark qal’asiga va yana ko’plab Buxoro shahrida joylashgan tarixiy yodgorliklarni ko’rishga muvaffaq bo’ldilar.
Ham sayohat ham ziyorat shaklida tashkil etilgan mazkur tashabbus institut jamoasining birdamligini yanada mustaxkamlash bilan bir qatorda betakror va unutilmas xotiralarga boy bo’ldi.