“KORRUPSIYA – TARAQQIYOT KUSHANDASI”

“KORRUPSIYA – TARAQQIYOT KUSHANDASI”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida Toshkent moliya institutida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi hamda Iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi hamkorligida “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzusidagi davra suhbati (zoom-dasturiy ilovasi orqali) tashkil qilindi.

Tadbirda ishtirok etgan Toshkent moliya instituti rektori v.v.b. Sultonali Umaralievich Mehmonov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi Korrupsiyaga qarshi kurash ilmiy ta'lim markazi boshlig‘i Bahodir Islamovich Ismoilov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi 1-bo‘lim boshlig‘i Jahongir Xursanboevich Ibragimovlar mamlakatimiz Prezidentining ulkan sa'y-harakatlari bilan ta'lim tizimi, shu jumladan oliy ta'lim tizimi boshqa sohalar kabi rivojlanishning yangi davrini boshidan kechirayotganligini va muhim islohotlar amalga oshirilayotganligini, xususan, oliy ta'lim muassasalarining moddiy-texnika bazasi tobora mustahkamlanib, ta'lim sifatini oshirish maqsadida o‘quv adabiyotlarining yangi avlodlari yaratilayotganliklarini alohida ta'kidlab o‘tishdi.

 

Tadbirda malaka oshirish tizimi takomillashtirilib, ilmiy salohiyatni yanada oshirishga, yoshlar bilan ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tizimli tashkil etishga jiddiy e'tibor qaratilayotganligi, shu bilan birga, oliy ta'lim tizimida haligacha ayrim muammoli masalalar mavjudligi, shulardan biri, davlat va jamiyat rivojlanishiga rahna soluvchi illat – korrupsiya oliy ta'lim tizimiga o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatayotgani bor gapligi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

 

Jamiyatimizda mazkur illatga qarshi tizimli ravishda kurashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5729-sonli Farmoni qabul qilinganligi, mazkur Farmonda 2019-yil 1-avgustdan boshlab eksperiment tariqasida, jamoatchilik va yetakchi ekspertlarni, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda dastlabki bosqichda kapital qurilish va oliy ta'lim sohalarida «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirishni tashkil etish, 2020-yil 1-apreldan boshlab loyihani boshqa sohalarga ham bosqichma-bosqich joriy etish belgilab qo‘yilgani aytib o‘tildi.

Oliy ta'lim tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning oylik maoshlarini so‘nggi bir yil ichida 3 marotaba oshirish bo‘yicha qarorlar qabul qilingani, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan xodimlarni bosqichma-bosqich uy-joy bilan ta'minlanayotganligiga javoban xalqimizga sadoqat, fidoiylik, tashabbus ko‘rsatib va halollik bilan xizmat qilish fursati allaqachon yetganligini davra suhbatida ishtirok etgan Toshkent moliya instituti jamoasi a'zolari alohida ta'kidlab o‘tishdi.

Davra suhbatida ishtirok etgan Toshkent moliya instituti prorektorlari, fakul'tetlar dekanlari, bo‘lim boshliqlari, kafedra mudirlari, akademguruh ustoz-murabbiylari – “Biz barchamiz institutda o‘quv, o‘quv-uslubiy, ilmiy va ma'naviy-ma'rifiy ishlarni zamon talablari darajasida tashkil qilish, yoshlarga yetarli sharoitlarni yaratib berish, ularning innovasion g‘oyalari, ishlanmalari, startaplari va boshqa sohalardagi ulkan iste'dodlarini yuzaga chiqarish hamda namoyon etishlari uchun barcha kuch va g‘ayratimizni safarbar qilamiz” deya so‘z berishdi.

 

Toshkent moliya institutini haqiqiy ilm, ma'rifat maskaniga aylantirish yo‘lida biz barcha hamkor tashkilotlar, jamoatchilik va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan birgalikda harakat qilamiz. Bu yo‘lda talaba-yoshlarimiz, professor-o‘qituvchilarimiz – jamoamizning har bir a'zosini bizga eng katta ko‘makchi bo‘lishga chaqiraman, deb institut rektori v.v.b. Sultonali Mehmonov davra suhbati ishtirokchilariga murojaat qildi.

 

Institutda korrupsiya holatlarini yuz berishiga qarshi har bir jabhada, har kuni va qadamda kurashash, korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashni qabul jarayonlaridan boshlab, talabalar o‘qishini birinchi kursdan to oxirgi kursiga qadar barcha fanlarni o‘zlashtirish, kurs ishi, bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertasiyalarini himoya qilish, oliy ta'limdan keyingi ta'limda ham birdek tashkil etish bo‘yicha, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlarini sodir etgan institut jamoasi a'zosi – u kim va qaysi lavozimda ishlashidan qat'iy nazar, unga nisbatan “Qonun ustuvor – jazo muqarrar”ligi ta'minlanishi, bu yo‘lda kim to‘g‘ri xulosa chiqarmasa, ayab o‘tirilmasligi davra suhbati davomida qayta-qayta ta'kidlandi.

 

Barcha tadbir ishtirokchilari davra suhbati yakunida, ta'magirlik, pora olish yoki pora berish va unga undash kabi jirkanch illatlarga qarshi kurashda qisqa muddatlarda samarali natijaga erishib, boshqa sohalarga o‘rnak bo‘lish, chunki, ziyolilar jamiyatni oldinga yetaklovchi asosiy kuch sanalishi, ana shunday ziyolilarni yetishtirib beruvchi Toshkent moliya instituti turli illatlardan holi haqiqiy ziyo maskaniga aylanishiga va'da berishdi.

10:22 / 2020-07-20
Success helper
Success warning