MHXS bo'yicha xalqaro trener darslari

MHXS bo'yicha xalqaro trener darslari

   Xabaringiz borki, 2021-yil 1-yanvardan boshlab banklar va yirik soliq to‘lovchilarda buxgalteriya hisobi moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) asosida yuritishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2020-yil 24-fevraldagi PQ-4611-son qarori asosida belgilab qo’yilgan edi.

 

Belgilanishicha, aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari, sug‘urta tashkilotlari va yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar 2021-yil yakunlaridan boshlab moliyaviy hisobotni MHXS asosida tayyorlaydi va xalqaro sertifikatlash doirasida “MHXS bo‘yicha moliyaviy hisobot” fanini muvaffaqiyatli topshirganligi to‘g‘risida hujjatga yoxud “Sertifikatlangan xalqaro professional buxgalter (CIPA)”, “Sertifikatlangan diplomli buxgalter (ASSA)”, “Sertifikatlangan jamoatchi buxgalter (SRA)” va “Xalqaro moliyaviy hisobot bo‘yicha diplom (DipIFR)” sertifikatlaridan (xalqaro buxgalter sertifikati) biriga ega kamida uch nafar mutaxassis miqdorida MHXSni sifatli qo‘llash uchun yetarli bo‘lgan buxgalteriya xizmati xodimlari bilan ta'minlaydi.

 

Respubkamizda yuqorida qayd etilgan mutaxassislarni tayyorlovchi Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, Farg‘ona politexnika institutining “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari bo‘yicha mashg’ulotlar o’tadigan pedagog xodimlarini akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlarida MHXS bo‘yicha tezlashtirilgan tarzda o‘qitish qaror ijrosining muhim bandlari sifatida qayd etilgan.

 

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab esa, oliy ta'lim muassasalarida “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari bo‘yicha faqat xalqaro sertifikatlash doirasida “MHXS bo‘yicha moliyaviy hisobot” yoki “AXS bo‘yicha audit” fanini muvaffaqiyatli topshirganligi to‘g‘risida hujjatga yoxud xalqaro buxgalter sertifikatiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar tomonidan o‘qitilishi qat’iy belgilab qo’yildi.

 

Global iqtisodiyotga integratsiyani jadallashuvini chuqur his etgan holda, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tishda mazkur yo‘nalishda faoliyat yurituvchi kadrlarni tayyorlash jarayonlari, pedagog kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash masalalarini ijobiy hal etish maqsadida "International institute of finance and accounting" innovatsion o‘quv markazining ko'magi bilan Ostona xalqaro moliyaviy markazi xodimi, xalqaro trener Muxamedjanova Jansulu Serikovna Toshkent moliya institutining “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari bo’yicha pedagoglarga dars soatlarini o’tish uchun O’zbekistonga tashrif buyurdi.

 

Ma’lumot o’rnida: Muhamedjanova Jansulu-ASSA ning a'zosi, CFA Level II nomzodi, Kasbiy rivojlanish akademiyasining asoschisi. U moliyaviy tahlil, boshqaruv hisobi, korporativ moliya va audit bo’yicha murabbiy. Qozog'istondagi Grant Thornton, "Samruk-Kazina" AJ, Deloitte Ltd kabi korporativ mijozlar uchun treninglar o'tkazadi. "Qozoqtelekom" AJ bosh direktori, "Qozog'iston temir Joli" AJ moliya direktori va "Samruk-Kazina" AJ guruhi bosh buxgalterlari uchun shaxsiy treninglar o'tkazgan. ACCA va CFA xalqaro sertifikatlarini qo’lga kiritish bo’yicha moliyaviy hisobotlar tahlili va korporativ moliya yo’nalishida mualliflik metodologiyasini ishlab chiqgan.

 

USHBU MAVZU DOIRASIDA YANA BIR TADBIR

 

Moliya Vazirligi hamda Toshkent moliya instituti hamkorligida seminar-trening o‘tkazildi. Unda Moliya vazirligi G‘aznachiligi boshlig‘i — moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov mamlakatimizda Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, mazkur yo‘nalishda faoliyat yurituvchi kadrlarni tayyorlash jarayonlari, pedagog kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash masalalari xususida axborot berdi. Moliya vazirligi Buxgalteriya hisobi va audit uslubiyoti departamenti direktori Xudoybergen Ortiqov “Moliyaviy hisobotning halqaro standartlarini o‘rganish va qo‘llash” mavzusi doirasida yeg’ilganlarga taqdimot o’tkazdi.

15:30 / 2021-02-21
Success helper
Success warning