“Milliy liboslar – ma’naviyat ko‘zgusi”

“Milliy liboslar – ma’naviyat ko‘zgusi”

   O‘zbekona kiyinish madaniyatini targ‘ib qilish, zamonaviy kiyinishda o‘zbekona sharm-hayo me’yorlariga amal qilish, milliy an’analarimizni keng targ‘ib qilish orqali urf-odat va qadriyatlarimizga xos bo‘lmagan kiyinish uslublariga taqlidning oldini olish, yoshlarda milliy kiyinish madaniyatini shakllantirish, oliy ta’lim muassasasida kiyinish odobi va me’yorlariga rioya qilish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari doirasida Toshkent moliya instituti Xotin-qizlar kengashi, fakultetlar Xotin-qizlar tashkilotlari faollari hamda “Qizlarjon” klubi tashabbusi bilan “Milliy liboslar – ma’naviyat ko‘zgusi” mavzusida ko‘rik-tanlov shaklida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

   Unda institutning 6 ta fakultetidan 80 dan ortiq talaba yigit-qizlar ishtirok etib, milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmat, milliy urf-odat va an’analarimizga sadoqat, milliy liboslarning go‘zalligi va zamonaviy talqinini turli sahna ko‘rinishlari, jozibali raqslar va liboslar taqdimotlari orqali namoyish qildilar.

   Har bir fakultet jamoasining (1) “Milliy liboslar va ularning hududlar bo‘yicha tahlili”, (2) “Milliy libos elementlarining zamonaviy liboslarda qo‘llanilishi” hamda (3) “Oliy ta’lim muassasalarida kiyinish madaniyati” mavzularidagi chiqishlari o‘zining jozibasi, mavzularning badiiy yechimi, ijro mahorati, milliy va zamonaviy liboslarga qarashlarning o‘ziga xosligi bilan ajralib turdi hamda tadbirga tashrif buyurgan institut rektori T.Teshabayev, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor O‘.Narbayev, ustozlar-murabbiylar hamda talabalarda katta taassurot qoldirdi.

   Tadbir tashkilotchilari ushbu tadbirni tashkil etish va o‘tkazishdagi ishtiroki uchun xotin-qizlar tashkilotlari rahbarlari, barcha ustozlar va talabalarga o‘z minnatdorchiliklarini bildiradilar.

 

 

16:28 / 2020-12-20
Success helper
Success warning