Respublikamizda butun jaxon pandemiyasi bilan kurash ketayotgan bir paytda, karantin choralaridan kelib chiqqan holda, iqtidorli talabalarni ilmga va o‘z ustida ishlashini qo‘llab-quvvatlash va o‘z qobiliyatlarini namoyon etish maqsadida Oliy ta'lim muassasalari talabalarining mutaxssislik va umumkasbiy fanlar bo‘yicha respublika fan olimpiadasi shu yilning may oyida onlayn shaklida o‘tkazildi. Shu o‘rinda, Toshkent moliya instituti nomidan 400 ga yaqin iqtidorli talabalar ishtirok etdilar. Toshkent moliya instituti talabalari 15 ta tegishli umumkasbiy va mutaxassislik fanlaridan o‘z bilimlarini sinab ko‘rdilar.
Shuni takidlash joizki, qattiy karantin choralariga amal qilgan holda Toshkent moliya institutida iqtidorli talabalar bilan ishlashni yanada takomillashtirish, ularga o‘z bilimlarini namoyon etish, iste'dodlarini ro‘yobga chiqarish va o‘zlari ustida mustaqil ishlashlarini rag‘batlantirish ishlarini samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida “Iqtidorli talabalar bilan ishlash va ularning ilmiy-tadqoqot faoliyatini tashkil etish” bo‘yicha Yo‘l xaritasi tuzilgan va unda belgilangan chora-tadbirlar belgilangan mexanizmlar yordamida amalga oshirilib kelinmoqda.
Bu yil Toshkent moliya instituti tarixida birinchi marta institut talabalari 17 ta sovrinli o‘ringa ega bo‘ldilar. Shuni alohida ta'kidlab o‘tish joizki, “Bank ishi” fanidan 2 ta birinchi o‘rin, 3 ta ikkinchi o‘rin va bitta uchinchi o‘rinni Toshkent moliya instituti talabalari egalladilar. Bundan xulosa shuki, bizning institutimiz talabalari va ularning ustozlariga respublika bo‘yicha ushbu fandan tenglashadigani bo‘lmadi.
Bundan tashqari, “Makroiqtisodiyot va mikroiqtisodiyot” fanidan ham, bitta birinchi o‘rin, uchta ikkinchi o‘rin va bitta uchinchi o‘rinlarni ham bizning talabalarimiz qo‘lga kiritdilar. “Moliya va kredit” fanidan ikkinchi o‘rin, “Iqtisodiyot nazariyasi” fanidan uchinchi o‘rin, “Buxgalteriya hisobi va audit” fanidan ikkita uchinchi o‘rin, “Rus tili” fanidan uchinchi o‘rinlar ham bizning talabalarga nasib etdi. Yana bir diqqatga sazovor holat, bu “Oliy matematika” fanidan Respublika fan olimpiadasida birinchi o‘rinni aynan Toshkent moliya instituti talabasining egallashidir. Demak, Toshkent moliya instituti talabalari nafaqat mutaxassislik fanlari, balki umumkasbiy fanlardan ham yuqori bilimlarga ega bo‘lishmoqda.
G‘olib talabalarni va ularning rahbarlarini tabriklaymiz va bilim cho‘qqilarini yanada yuqorisini egallashlarini tilab qolamiz.
Toshkent moliya instituti,
Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot
faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i G.Xalikulova