Toshkent moliya institutida sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari mutaxassislarining malakasini oshirish oʻquv markazi ochildi

Toshkent moliya institutida sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari mutaxassislarining malakasini oshirish oʻquv markazi ochildi

2021-yil 27-sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) oʻzining Barqaror moliya sektori markazi doirasida yangi ilgʻor tashabbus — Sugʻurta va risklarni moliyalashtirish dasturi (IRFF) tashkil etilganini eʼlon qildi.

 

 

2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va BMT TDning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi va “Sugʻurta va risklarni moliyalashtirishni takomillashtirish" loyihasini birgalikda amalga oshirishga kelishildi. 

 

 

 

Joriy yilning 14-noyabr kuni Toshkent moliya institutida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi, Sugʻurta va risklarni moliyalashtirish loyihasi (IRFF) hamda Oʻzbekiston sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari uyushmasi hamkorligida sugʻurta bozori professional ishtirokchilari mutaxassislarining malakasini oshirish trening markazining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

 

 

Unda institut rektori Teshabayev Toʻlqin Zakirovich, BMTTDning Oʻzbekistondagi doimiy vakili oʻrinbosari Anas Fayyad Karman, Oʻzbekiston sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari uyushmasi Kengashi raisi Xalilov Oybek Nosirovich, respublikamizda faoliyat koʻrsatayotgan sugʻurta kompaniyalarining rahbar xodimlari, institut professor-oʻqituvchilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

 

Maʼlumki, sugʻurta sohasini raqamlashtirish, aholining talab va ehtiyojlariga mos sugʻurta xizmatlarini koʻrsatish, sohaga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etishni yuqori kasbiy tayyorgarlikka ega, kreativ fikrlaydigan va zamon talablariga javob beradigan malakali kadrlarsiz amalga oshirib boʻlmaydi.

 

 

Toshkent moliya instituti 1993-yildan buyon mamlakatimiz sugʻurta bozori uchun oliy maʼlumotli yetuk mutaxassislar tayyorlab kelmoqda. 1995-yildan shu soha uchun kadrlar tayyorlashga masʼul boʻlgan alohida kafedra faoliyat koʻrsatib keladi. Bugungi kunda koʻplab sugʻurta kompaniyalarida mazkur institutning bitiruvchilari muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatyapti.

 

Shu bilan birga, jahon sugʻurta bozorida roʻy berayotgan keskin oʻzgarishlar, Oʻzbekiston iqtisodiyoti va uning muhim tarkibiy qismi boʻlgan sugʻurta bozorida kuzatilayotgan tendensiyalar, erishilgan yutuqlar va mavjud muammolarni tahlil qilish asosida qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etish orqali soha xodimlarining malakasini oshirishga ehtiyoj tugʻdirmoqda. Toshkent moliya institutida tashkil etilgan oʻquv markazining maqsadi ham, aynan, ushbu boʻshliqni toʻldirish, sugʻurta biznesi va boshqaruvi, turli bosqichdagi taʼlim muassasalari, sugʻurta bozoridagi turli professional yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha xodimlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, oʻquv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarishdan iborat. 

 

 

Shuningdek, markaz sugʻurta bozori professional ishtirokchilarining xodimlari va sohadagi mutaxassislarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash boʻyicha oʻquv muassasasi hisoblanadi. Bunda, sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari oʻz tuzilmasiga: sugʻurta tashkilotlari, sugʻurta vositachilari, adjasterlar, aktuariylar, sugʻurta syurveyerlari, assistanslarni oladi. Markazning oʻquv dasturlari ilgʻor xorijiy tajriba, sugʻurta bozori professional ishtirokchilarining fikr-mulohazalari, takliflari va buyurtmalari asosida shakllantiriladi. Oʻquv markazida dars mashgʻulotlari, nafaqat, institutning yuqori malakali va tajribali professor-oʻqituvchilari, balki, sohaning yetakchi amaliyotchi mutaxassislari, chet ellik ekspertlar tomonidan olib boriladi.

 

 

Tadbirda soʻzga chiqqanlar yangi tashkil etilgan oʻquv markazi sugʻurta bozorida mutaxassislarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashda muhim omil boʻlib xizmat qilishi toʻgʻrisida alohida taʼkidladilar. 

 

 

Tadbir yakunida Toshkent moliya instituti, Oʻzbekiston sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari uyushmasi va BMT TD oʻrtasida hamkorlik qilish boʻyicha uch tomonlama memorandum imzolandi. Ushbu hujjatning imzolanishi mamlakatimiz sugʻurta sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, oʻquv markazi faoliyatini yangi bosqichda rivojlantirishda salmoqli hissa qoʻshishi bilan ahamiyatlidir.

17:37 / 2023-11-20
Success helper
Success warning