“Davlat tili va savodxonlik” mavzusida ilmiy-adabiy anjuman
2020-yilning 16-oktyabr kuni O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 31 yilligi munosabati bilan institutda “Davlat tili va savodxonlik” mavzusida ilmiy-adabiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Ilmiy-amaliy anjumanni institutning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor O‘.Narbayev kirish so‘zi bilan ochib berdi va ona tili - millat ma’naviyatining ko‘zgusi, tafakkurimizni boyitishda eng samarali omil, xususan, yosh avlodni kamolga yetkazishda yetakchi vosita ekanligini alohida qayd etdi. Shundan so’ng so’z navbatini mehmonlarga topshirdi.
Anjumanda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov “Davlat tili va matbuot” mavzusidagi ma’ruzasi bilan hozirgi kunda o‘zbek tilining ijtimoiy hayotda tutgan mavqei, lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosi va imlo qoidalarining joriy etilganligi, ish yuritishda to‘liq davlat tiliga o‘tilganligi haqida atroflicha so‘zladi. Shuningdek, hozirgi kunda tilimizning yanada rivojlanib borayotganligi, unga bo`lgan e’tibor yanada oshib borayotganligi, matbuotda, radio-televideniyeda, O`zbekiston milliy nashriyotlarida chop etilayotgan nodir asarlar, darsliklar, ko`p jildlik O`zbek Davlat milliy ensiklopediyalari ham buning yaqqol isboti ekanligini alohida ta’kidladi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti dekani, filologiya fаnlari doktori, professor Baxtiyor Abdushukurovning ma’ruzasi “Yozuv va savodxonlik” mavzusida bo‘ldi. U o‘z ma’ruzasida o‘zbek tili o‘zining betakror jozibasi va lug‘aviy boyligi bilan alohida ajralib turishini ilmiy-tahliliy mulohazalar orqali mufassal tahlil qildi.
Toshkent moliya instituti “Moliya” kafedrasi mudiri, iqtisod fanlari doktori, professor Toxir Malikov “Moliya sohasiga oid atamalarni qo‘llash” mavzusida ma’ruza qildi. U o‘z ma’ruzasida bebaho ma’naviy-ma’rifiy mulk bo‘lgan o‘zbek tili imkoniyatlarini ijtimoiy hayotning barcha jabhalariga joriy etishda erishilayotgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilayotgan ayrim nuqsonlarga to‘xtaldi.
“O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Nishonboy Husanov o‘z ma’ruzasida Davlat tili rivoji terminologiya bilan chambarchas bog’liqligi, binobarin, ana shu uzviylikni keng ko‘lamda ta’minlash ijobiy natijalarga olib kelishiga e’tiborni qaratdi, institutda iqtisodiyot terminlarini o‘rganish bo‘yicha qator ilmiy-amaliy ishlar bajarilganini ta’kidladi.
Tadbir yakunida yeg’ilganlar bugun o‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qo‘llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangrayotganligini, xorijiy mamlakatlarda tilimizga e’tibor va uni o‘rganishga qiziqish kuchayib borayotganligi haqida xulosa chiqardilar.