Talabalar turar joyiga tashrif: obodlik ko’ngildan, orastalik uyimizdan boshlanadi
Xalqimizda qiz farzandni voyaga yetkazish, unga ta’lim va tarbiya berish, qizlarni oila va millatning sha’ni deb ardoqlash hamisha ustuvorlik kasb etib kelgan. Shunday bir naql bor: “O’g’il bola uyning, qiz bola ko’ngilning sultonidir”. Demak, qiz farzandlarni barkamol ayol darajasiga olib chiqish – tarbiyaning nozik jihatlari bo’lish bilan birga, murakkab vazifa ham sanaladi. Tiriklikning tashvishi hayot tarozusining bir pallasini egallasa, qiz boladek nozik bir hilqatni kamolga etkazish mas’uliyati uning ikkinchi pallasini to’ldiradi desak, hech yanglishmaymiz. Bunday mas’uliyatli va murakkab ishni faoliyatining asosi deb bilgan institut Xotin-qizlar boshlang’ich tashkiloti faollari joriy yilning 16-fevral sanasida, yakshanba – dam olish kuni bo’lishiga qaramay, 3-sonli TTJga tashrif buyurib, talaba-qizlar bilan suhbat tashkil qildilar.
Suhbat chog’ida institut xotin-qizlar Kengashi raisi B.Nurmuxamedova institutda 20-fevraldan boshlab bahorgi-yozgi formaga o’tilayotganligi, kiyinish madaniyati va bu borada institut ichki tartib-qoidalariga rioya qilish zarurligi, institutda “Orasta qizlar” to’garagi ish boshlayotganligi, oila va turmushda asqotadigan hunar turlarini o’rganish istagida bo’lgan talaba-qizlar to’garakka a’zo bo’lib, mashg’ulotlarga qatnashishlari mumkinligini ta’kidladi. Shuningdek, Barno opa 20-27-fevral kunlari “Qizlar davrasi” respublika ko’rik-tanlovining fakultetlar bosqichi bo’lib o’tishini ma’lum qilib, ko’rik-tanlovni tashkil qilish va o’tkazishda TTJda istiqomat qiladigan talaba-qizlarni ham faol ishtirok etishga chaqirdi. Iqtisodiyot fakulteti Xotin-qizlar boshlang’ich tashkiloti raisi D.Xudoyberdiyeva esa talaba-qizlarning dam olish kunidagi odatiy yumushlaridan bo’shab, Ma’naviyat xonasida yig’ilgunlariga qadar TTJdagi tashriflar kitobiga talaba-qizlar uchun o’ziga xos murojaatnoma yozib, qizlar bilan suhbat chog’ida barcha qizlarga uni o’qib eshittirdi.
Avvalgi tashriflarda TTJdagi qizlarning muammolarini o’rganish natijasida ularda kundalik hayotda arzimasdek tuyulgan ayrim maishiy jihozlarga zarurat borligi aniqlangan edi. Shu munosabat bilan, tadbir so’nggida Dilafruz Xudoyberdiyevaning jonkuyarligi, Soliqlar va sug’urta ishi fakulteti dekani L.Zoyirov hamda “Kasbiy psixologiya, jismoniy tarbiya va sport” kafedrasi o’qituvchisi, sport murabbiysi B.Abbosovlarning homiyligida keltirilgan kiyim-kechak osib quritish jihozlari TTJda istiqomat qiluvchi talaba-qizlarga taqdim etildi. Obodlik ko’ngildan, orastalik uyimizdan boshlanadi, taqdim etilgan jihozlar TTJdagi orastalikka xizmat qilishiga ishonamiz.