ATB “O‘zsanoatqurilishbank” Yunusobod filialida sayyor dars
2019-yilning 6-dekabr sanasida Toshkent moliya instituti “Baholash ishi va investitsiyalar” kafedrasi dotsenti, i.f.n. E.Nosirov va dotsent, i.f.n. M.Raimjanova tomonidan IB-1 guruhi magistratura talabalariga “Investitsiya loyihalarini boshqarish” va “Investitsiyalarni iqtisodiy baholash” fanlaridan sayyor dars tashkil etildi.
Sayyor dars ATB “O‘zsanoatqurilishbank” Yunusobod filialida bo‘lib o‘tdi. Sayyor darsni ATB “O‘zsanoatqurilishbank” Yunusobod filiali boshqaruvchisining 1-o‘rinbosari Rapiyev To‘lqin Fayzullayevich olib bordi.
Mutaxassis London fond birjasida listingga kiritilgan va xalqaro kapital bozorlarida sotuvga chiqarilgan “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning 300 million AQSh dollari miqdoridagi xalqaro obligatsiyalari haqida so‘z yuritdi.
“…Joriy yilning 25-noyabr kuni investorlarning takliflariga asoslangan moliyaviy konsultantlarning tavsiyasiga ko‘ra, bankning 5 yillik xalqaro obligatsiyalari uchun ilk daromadlilik stavkasi 6,5% etib belgilandi va London vaqti bilan soat 08:23da tranzaksiya e’lon qilindi. Buyurtmalar hajmi soat 10:00da 300 mln. AQSh dollar (tranzaksiya to‘liq qoplandi) va 12:10da 800mln. AQSh dollarni (tranzaksiya 2,5 barobar to‘liq qoplandi) tashkil etdi. London vaqti bilan soat 12:25da obligatsiyalarning daromadlilik stavkasi 0.125%ga pasaytirildi va yangi stavka 6,375% e’lon qilindi. Mazkur strategiya investorlarga ma’qul keldi va 13:05ga kelib buyurtmalar hajmi 1 mlrd. dollardan oshdi. Soat 14:00da buyurtmalar kitobi 1,2 mlrd. dollar bilan, ya’ni tranzaksiyani 4 barobardan yuqori qoplagan holda yopildi” – deya takidladi.