Xalqaro konferensiyada O‘zbekistonning xalqaro moliya tizimiga integratsiyalashuvini kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratildi
2023-yil 10-noyabr kuni “Xalqaro moliya-kredit” kafedrasi tashabbusi bilan “O‘zbekistonda xalqaro moliya munosabatlarini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari” mavzusida xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida, xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, xalqaro moliya bozorida valyuta-kredit va investitsiya munosabatlarining rivojlanish tendentsiyalarini aniqlash, xalqaro moliya munosabatlarini rivojlantirishda raqamli texnologiyalarni qo‘llash, islom moliyasini rivojlantirishning xorijiy tajribalari, O‘zbekistonning xalqaro moliya tizimiga integratsiyalashuvini faollashtirish yo‘llari hamda O‘zbekiston va Jahon savdo tashkiloti hamkorligini rivojlantirish kabi masalalar yuzasidan xorijiy va mahalliy olimlar, xalqaro moliya institutlari vakillari hamda sohaga tegishli amaliyotchi mutaxassislarning ma’ruzalari tinglandi.
Xususan, konferensiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor N.X.Jumayev, “Uzbek Leasing International A.O.” AJ Bosh direktori Z.B. Mustafayev, Markaziy bankning Xalqaro hamkorlik departamenti boshlig‘i o‘rinbosari M.M. Nosirov, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi Davlat qarzi departamenti Moliya bozorlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i N.Nigmatova, XVF yetakchi iqtisodchisi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor A.P.Kireev, “University of the West of England Bristol” professori K.Ruziev, Islom biznesi va moliya tarmog‘i guruhi raisi, PhD Mohammed Obaidullah kabi iqtisodchi olim va mutaxassislarning dolzarb mavzulardagi taqdimotlari konferensiya ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi.