Institut qoshidagi akademik litseyda bitiruv kechasi tashkil etildi
Joriy yilning 3-iyul kuni Toshkent moliya instituti akademik litseyini tamomlagan oʻquvchilarning bitiruv kechasi tadbiri tashkil etildi.
Unda institut va akademik litsey rahbariyati, pedagog-oʻqituvchilar, oʻquvchi-yoshlar va ularning ota-onalari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida institut rektori T.Teshabayev soʻzga chiqib, akademik litsey bitiruvchilarining kelgusidagi faoliyatiga omad va zafarlar tiladi. Rektor oʻz nutqida joriy oʻquv yilida litseyni tamomlayotgan oʻquvchilarning 90% dan ortigʻi milliy va xalqaro darajadagi til sertifikatlarini qoʻlga kiritganligi, akademik litsey faoliyati samarali yoʻlga qoʻyilganligi, buning natijasida litsey mamlakatimizdagi eng ilgʻor taʼlim muassasalari safida ekanligini mamnuniyat bilan qayd etib oʻtdi.
Yuqori atmosfera va saviyada tashkil etilgan bitiruv oqshomida oʻquv yili davomida oʻzning namunali xulqi, bilimi va jamoa ishlarida faolligi bilan ajralib turgan koʻplab bitiruvchilar sertifikatlar bilan, ularning ota-onalari tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Oʻz navbatida institut jamoasi akademik litsey bitiruvchilarining kelgusi faoliyatiga yuqori marralarni tilaydi hamda oʻzlari tanlagan soha va yoʻnalishlarda katta natijalarni egallashlariga ishonadi.
Omad sizga yor boʻlsin, aziz akademik litseyimiz bitiruvchilari!
TMI axborot xizmati