TOSHKENT MOLIYA INSTITUTI “AUDIT” KAFEDRASINING “GRANT THORNTON” AUDITORLIK TASHKILOTIDA FILIALI OCHILDI
Bugungi kunda Toshkent moliya institutida intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, ayni vaqtda fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish boʻyicha ham harakatlarni boshlab yuborgan.
Xususan, joriy yilning 11-sentyabr kuni Toshkent moliya instituti “Audit” kafedrasining “GRANT THORNTON” xalqaro auditorlik tashkilotida kafedra filiali ochildi.
Mazkur tadbirda institut rektori T.Teshabayev, oʻquv ishlari boʻyicha prorektor A. Toʻychiyev, “Buxgalteriya hisobi va audit” fakulteti dekani D.Rustamov, “GRANT THORNTON” auditorlik tashkiloti rahbari N.Karimov, shuningdek, mutaxassislik kafedra mudirlari, professor-oʻqituvchilar, OAV vakillari va talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Kafedra filialini ochishdan maqsad – ishlab chiqarish korxonalarida fan, taʼlim va ishlab chiqarishning integratsiyasini kuchaytirish, talabalar nafaqat nazariy bilimlarni, balki amaliy koʻnikmalarga ham ega boʻlish, xalqaro standartlarga mos zamonaviy auditorlik bilimlarni chuqur egallash hisoblanadi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-sentyabrdagi PQ-3946-son “Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida “yoshlarni auditorlik kasbiga jalb etish, xususan professional jamoat birlashmalarining tegishli oliy taʼlim muassasalari bilan faol hamkorligini taʼminlash” vazifasi belgilab berilgan. Bundan tashqari, “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” hamda Prezidentimiz ishtirokida 2021-yil 16-iyunda boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida ishlab chiqarish korxonalarida fan, taʼlim va ishlab chiqarishning integratsiyasini kuchaytirish, mutaxassislik kafedralari filiallari faoliyatini tashkil etish vazifalari belgilab berildi.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, “GRANT THORNTON” xalqaro auditorlik tashkiloti Respublikamizda yuqori reytingga ega va xalqaro tarmoqqa aʼzo boʻlgan tashkilotlardan biridir. Ushbu auditorlik tashkilotida talaba yoshlarga alohida eʼtibor qaratiladi. Ushbu filial audit sohasida innovatsion ilmiy yutuqlar, ilgʻor xorijiy tajribalarni taʼlim tizimiga joriy etishda muhim hissa qoʻshadi, degan umiddamiz.
Ishonchimiz komilki, bunday hamkorlik tashabbuslarining barchasi mamlakatimizda MHXS asosida hisob-kitoblarni yuritishda salohiyatli kadrlarni tayyorlab chiqarishga asos boʻladi.
TMI matbuot xizmati