Buxoroga sayohat !

Buxoroga sayohat !

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 28-iyul kuni kam taʼminlangan oilalar hamda mehribonlik uylarida istiqomat qiluvchi bolalarni qoʻllab-quvvatlashga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida - “Albatta, har bir goʻdak bu yorugʻ dunyoga kelar ekan, unga hamma ota-onasi bagʻrida yayrab oʻssin, baxtli-saodatli boʻlsin, deb tilak bildiradi. Lekin, taqdir taqozosi bilan ularning ayrimlari ota-ona mehridan benasib qoladi. Bunday holatda bu norasida bolalarning aslo aybi yoʻq ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz, albatta” degan edi.

16-17-oktyabr kunlari Toshkent moliya instituti tashabbusi bilan “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” – ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida poytaxtimizdagi 21-sonli “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari uchun Buxoro shahriga sayohat tashkil etildi. Sayohatda mehribonlik uyining 42 nafar tarbiyalanuvchisi, milliy gvardiya va mehribonlik uyi xodimlaridan iborat jami 50 nafar sayohatchilar ishtirok etishdi. 

Mazkur sayohat dasturi Milliy gvardiya bilan kelishgan holda tashkil etildi.


Sayohatchilar Afrosiyob poyezdi orqali Buxoro shahriga yetib keldi va bu yerda sayohatchilarni GID-ekskursovodlar maxsus avtobuslarda kutib olishdi. Sayohatning dastlabki kuni Buxoroning qadimiy joylari, xususan, 16-17 asrlarda Buxoroning markazi hisoblangan va hozirgi kunda Buxoro ahli va mehmonlarining sevimli joyi boʻlgan Labi Xovuzdan boshlandi. Maydon oʻrtasida katta hovuz boʻlib, uning atrofida turli binolar barpo etilgan: Koʻkaldosh madrasasi, Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqosi va h.k. Shu joyning oʻzida bolalar uchun tushlik dasturxoni ham tashkil etildi.


 

Tushlikdan soʻng, Koʻkaldosh madrasasi, Buxoro karvon saroyi, Mir-arab madrasasi, Ark qalʼasi va boshqa koʻplab tarixiy obidalar ziyorat qilindi. Sayohatchilar Buxoro shahridagi shinam va barcha qulayliklarga ega boʻlgan Turon mehmonxonasiga joylashtirildi va mehmonxona restoranida kechki ovqat va koʻngilochar musiqiy dasturlar tashkil etildi. Tadbir davomida bolalarga homiylarning estalik sovgʻalari ham topshirildi. Xullas sayohatimizning dastlabki kuni qiziqarli va katta taassurotlarga boy boʻlib, bolajonlarga olam-olam shodlik va quvonch ulashdi.



 

Sayohatimizning ikkinchi kuni Buxoro shahridagi qadimiy qadamjolarni ziyorat qilishdan boshlandi. Dastlab, Said Amir Kulol ziyoratgohi, keyinchalik islom dinining noyob ustunlaridan biri, Naqshbandiya tariqati asoschisi Baxovuddin Naqshbandning onasi va oʻzining maqbaralari ziyorat qilindi. Islom dini tarixida oʻziga xos iz qoldirgan bu buyuk allomaning hayot yoʻli va islom dini taraqqiyoti uchun qilgan xizmatlari toʻgʻrisida oʻquvchi-yoshlarga atroflicha maʼlumot berildi.



 

Shundan soʻng sayohatchilar oʻtirgan avtobus Buxoroning soʻnggi amirlarining yozgi saroyi – Saroy “Sitorai Moxi xosa”ga yoʻl oldi.  Mazkur saroy “Oy va yulduzlar oʻrtasidagi joy” deb, shoirona nomlangan. Bu yerda mavjud koʻplab muzey eksponantlari, tarixiy bino va inshootlar hamda makondagi muhit bolajonlarning koʻplab xayrat va qiziqishlariga sabab boʻldi. Mazkur obidadani ziyorat qilingandan keyin Buxoro shahrining koʻrkam restoranlaridan biri – ASR restoranida tushlik dasturxoni tashkil etildi. Tushlukdan soʻng shirinliklar va xomiylar tomonidan tashkil etilgan “SAYOHAT TORTI” bolajonlarning quvonchiga yanada quvonch qoʻshdi.



 

Juda katta hayajon va koʻplab taassurotlarga boy boʻlgan ushbu sayohatimiz shu yerda oʻz nihoyasiga yetdi va sayohatchilar juda katta qiziqish va olamshumul xursandchilig-u xush kayfiyatlar rahnamoligida Buxorodan Toshkent shahriga yoʻlga otlangan Afrosiyob poyezdiga chiqishdi. 

Sayohatchilar Toshkent shimoliy vokzalida Toshkent moliya instituti rahbariyati tomonidan kutib olinib, Mehribonlik uyiga olib borib joylashtirildi. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari sayohat tashkilotchisi va homiysi – Toshkent Moliya instituti rahbariyatiga oʻzlarining cheksiz minnatdorchiligini bildirishdi.


 

13:13 / 2021-10-19
Success helper
Success warning