KAPITAL BOZORIGA YETUK MUTAXASSISLAR TAYYORLASH BORASIDAGI XALQARO HAMKORLIK

KAPITAL BOZORIGA YETUK MUTAXASSISLAR TAYYORLASH BORASIDAGI XALQARO HAMKORLIK

     2019-yilning 7-oktabr kuni Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida iqtisodiyot sohalari rahbarlari ishtirokida fond bozorini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Mazkur yig‘ilishda fond bozorini rivojlantirishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy masalalar belgilab olindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda Toshkent moliya institutida fond bozorida faoliyat yurituvchi yetuk mutaxassislarni tayyorlash, ilg‘or xorijiy muassasalar bilan hamkorlikda kadrlar malakasini oshirish va talabalarni o‘qitish vazifasi qo‘yildi. Bu yo‘nalishda Toshkent moliya instituti o‘z oldiga fond bozorida faoliyat ko‘rsatuvchi mutaxassislarni tayyorlashda dunyo tajribasini o‘rganish hamda ularning yetakchi universitetlari bilan hamkorlik qilish, almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ushbu soha uchun mutaxassislarni tayyorlashni joriy etish kabi vazifalarni belgilab oldi.

     Shu maqsadda 2019-yilning 7-noyabr kuni Kapital bozorini rivojlantirish agentligi ko‘magida universitetlarning xalqaro QS reytingida 18-o‘rinda qayd etilgan Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Kolumbiya Universiteti professori, Kolumbiya universiteti huzuridagi boshqaruv kadrlarini tayyorlash Global markazining asoschisi Uilyam Eymike (William B.Eimicke) Toshkent moliya institutiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida professor Uilyam Eymike tomonidan “Investitsiyalashning ijtimoiy qiymati (Social value investing)” mavzusida institut professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, magistrantlari va talabalariga ma’ruza qilindi. Professor Uilyam Eymike o‘z ma’ruzasini yakunlagach talaba va magistrantlarning qator savollariga javob qaytardi.

    Ma’lumot o‘rnida shuni qayd etish lozimki, Uilyam Eymike dunyoga mashhur investor va milliarder Uorrent Baffet bilan birgalikda “Investitsiyalashning ijtimoiy qiymati (Social value investing)” asarining hammuallifidir. Shu boisdan savol-javoblar qizg‘in ruhda kechdi.

    Uilyam Eymike ayni vaqtda Kolumbiya universitetining Xalqaro va jamoatchilik aloqalari maktabi bosh ijrochi direktori ekanligidan kelib chiqqan holda tadbir yakunida Toshkent moliya instituti rektori U.Azizov mexmon bilan istiqbolda Amerika universiteti bilan qo‘shma dasturlar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, talabalar hamda magistrantlar almashinuvi masalalarini ham muhokama qildilar. Natijada yaqin vaqt ichida bu borada qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazishga o‘zaro kelishib olindi.

 

17:43 / 2019-11-08
Success helper
Success warning