Qoʻshma fakultet ilk bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi boʻlib oʻtdi
Joriy yilning 8-iyul kuni Toshkent moliya institutida Belarus Respublikasining Polosk davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan qoʻshma fakultetning ilk bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Belarus Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi vakillari, Toshkent moliya instituti, Polosk davlat universiteti rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, bitiruvchi talaba-yoshlar va ularning ota-onalari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Bugungi kunga kelib Belarus va Oʻzbekiston Respublikalari oʻrtasidagi munosabatlar koʻplab sohalarda, jumladan, taʼlim sohasida ham izchil rivojlanmoqda. Ushbu hamkorlik doirasida Toshkent moliya instituti Polosk davlat universiteti bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Xususan, 2019-yilda Toshkent moliya instituti hamda Belarus Respublikasining Polosk davlat universiteti hamkorligida TMI-PDU qoʻshma fakulteti tashkil etilgan boʻlib, hozirda ushbu fakultetda 450ga yaqin talaba tahsil olmoqda. Mazkur fakultetda “3+1” qoʻshma taʼlim dasturi asosida moliya va moliyaviy texnologiyalar, bank ishi va audit, buxgalteriya hisobi va audit, biznes-tahlil, elektron tijorat kabi taʼlim yoʻnalishlarida mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Kelishuvga koʻra, qoʻshma fakultet 103 nafar bitiruvchilariga Toshkent moliya instituti va Polosk davlat universiteti diplomlari berildi. Xususan, bitiruvchilarning 12 nafariga qizil diplom topshirildi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Toshkent moliya instituti ham akademik mobillilik doirasida milliy taʼlim nufuzini oshirish orqali xalqaro standartlar darajasidagi raqobatbardosh kadrlar tayyorlovchi mamlakatimizdagi yetakchi taʼlim muassasalaridan biriga aylanmoqda. Institut mamlakatimiz moliyaviy barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladigan kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Institutda bugungi kunda 10 ta fakultet, 25 ta kafedra tomonidan 15 ming nafardan ortiq talaba-yoshlarga sifatli taʼlim xizmatlari koʻrsatilmoqda. Institutda iqtisodiyot, iqtisodiy xavfsizlik, buxgalteriya hisobi va audit, moliya va moliyaviy texnologiyalar, menejment, biznes-tahlil, elektron tijorat, logistika, soliqlar va soliqqa tortish, sugʻurta ishi, investitsion loyihalarga xizmat koʻrsatish va moliyalashtirish hamda boshqa taʼlim yoʻnalishlarida mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlanmoqda.