Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayrami munosabati bilan Toshkent moliya instituti rektorining bayram tabrigi

Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayrami munosabati bilan Toshkent moliya instituti rektorining bayram tabrigi

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

 

Hurmatli ustozlar, ishchi-xodimlar!

 

Aziz talaba-yoshlar!

 

Jonajon Vatanimiz Mustaqilligining 32 yilligi bayrami munosabati bilan barcha vatandoshlarimizni, professor-o‘qituvchilarimizni, institutimiz xodimlarini hamda kelajagimiz ishonchi va poydevori bo‘lgan talaba-yoshlarimizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

 

Bugun yurtimizda eng aziz, eng ulug‘ bayram, qutlug’ tantana. “Yangi hayot uchun, Yangi O’zbekiston uchun!” shiori ostida  butun xalqimiz, jonajon Vatanimiz istiqlolining o‘ttiz ikki yillik bayramini xursandchilikda, tinchlik-omonlikda, bag‘ri butunlikda, shukronalik hissi bilan nishonlamoqda.

 

Mamlakatimiz mustaqilligining o‘tayotgan davri, ayniqsa so’nggi yillarda davlatimiz va xalqimiz hayotida keng ko‘lamli izchil islohotlar, ulkan yangilanish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan davr sifatida tarix zarvaraqlaridan joy olayotgani hammamizni birdek quvontirmoqda. Shu o‘rinda barcha sohalar kabi taʼlim sohasida ham, xususan, Oliy taʼlim tizimida ham juda ko‘p yangiliklar va islohotlar amalga oshirildi. Jamiyatimizda taʼlimga bo‘lgan  munosabatni tubdan o‘zgartirish, o‘qituvchi va murabbiylarning mavqeyini oshirish bo‘yicha tizimli islohotlar poydevori mustahkamlandi. Taraqqiyotimiz lokomotivi sifatida qaralayotgan oliy taʼlim tizimini isloh qilish, zamonaviy taʼlim dasturlarini joriy etish, xorijiy mamlakatlarning eng ilg‘or oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali iqtisodiyot tarmoqlarini jahon andozalariga javob beradigan kadrlar bilan taʼminlash masalasi kun tartibida asosiy o‘ringa ko‘tarildi.

 

So’ngi yillarda Toshkent moliya instituti ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga hamda xalqaro standartlar talablariga mos keladigan “oliy ta’lim + sifat + taraqqiyot” modeli   asosida mamlakatimiz moliyaviy barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladigan kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy ta’lim muassasasi sifatida kun sayin xalqaro va mahalliy reytinglarda yuqori pog‘onalarga ko‘tarilib bormoqda. Institutda zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, o’quv jarayonlarini modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish borasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida doimiy amaliy harakatlar olib borilmoqda.

 

Faxr bilan tilga olish joizki, institut O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi tomonidan Respublikadagi Oliy ta’lim muassasalarining umumiy reytingida 3-o‘rinni, ijtimoiy-gumanitar soha bo‘yicha Oliy ta’lim muassasalari reytingida 2-o‘rinni, QS Rankings reytingida Osiyo davlatlari universitetlari ichida 551 – 600-o‘rinda va Markaziy Osiyo universitetlari orasida 29-o‘rinda, O‘zbekiston Oliy ta’lim tashkilotlari ichida 3-o‘rinda ilk bora qayd etildi.

 

Shuningdek, Toshkent moliya instituti Times Higher Education agentligi “World University Rankings – 2023” «TOP-1000 talik» reytingdan joy olish uchun da’vogar oliygoh sifatida, Universitas Indonesia tomonidan boshlangan yashil kampus va ekologik barqarorlik (UI GreenMetric World University Ranking) xalqaro reytinglaridan joy oldi.

 

Mazkur ko‘rsatkichlar, albatta, oldimizga qo‘yilgan ulkan marralarning debochasi - deb bilamiz va institut jamoasi yanada katta natijalarni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Taʼkidlash joizki, institut professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyati bugungi kunga kelib 68,2 foizni tashkil etmoqda hamda ushbu ko‘rsatkich yil sayin oshib bormoqda. Bundan tashqari, oliygohimizda taʼlim sifatini yaxshilash borasidagi ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish maqsadida qator professor-o‘qituvchilar xorijiy oliy taʼlim muassasalarida malaka oshirish kurslarida doimiy ishtirok etib kelmoqda.

 

Institutda “fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi” uzluksizligini taʼminlash yuzasidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilib, soha korxona-tashkilotlari, tijorat banklari bilan taʼlimni modernizatsiya qilish, ilg‘or taʼlim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, talabalar bandligini taʼminlash, yoshlarimizning amaliy bilim va ko‘nikmalarini oshirish borasida qator hamkorlik aloqalari tizimli ravishda yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 2022-2023 o‘quv yilida Toshkent moliya institutini tamomlayotgan magistratura va bakalavr bitiruvchilarining dissertatsiya hamda bitiruv malakaviy ishlari himoyalari noanʼanaviy tarzda ilk bor ishlab chiqarish obyektlarida tashkil etildi.

 

Faxr bilan tilga olish joizki, o‘tgan o‘quv yilida ko‘plab talaba-yoshlarimiz xorijiy, respublika miqyosidagi fan olimpiadalarida, bilimlar bellashuvi, xalqaro va mahalliy sport musobaqalarida faxrli natijalarni egallashdi. Bir qator iqtidorli talabalarimiz nomdor stipendiyalar sohiblariga aylanishdi. O‘ylaymizki, bu kabi ko‘rsatkichlar yana-da oshib boraveradi. Albatta, butun institut jamoasi talaba-yoshlarimizning ulkan yutuqlarni qo’lga kiritishlari borasida barcha imkoniyatlarni safarbar etadi.

 

Darhaqiqat, yaratilayotgan keng imkoniyatlar, berilayotgan eʼtibor va erishilayotgan amaliy natijalar mustaqillikdek ulug‘ neʼmatning sharofati bilan. Istiqlol el-yurtimiz uchun o‘z taqdirining haqiqiy egasi bo‘lib, qadr-qimmatini anglab, munosib hayot kechirish, yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish imkoniyatini yaratdi. Yuqorida to‘xtalib o‘tgan natijalar esa istiqlol bizga bergan tinchlik va osoyishtalikning yorqin ifodasidir.

 

Hurmatli hamkasblar, qadrli talabalar!

 

Fursatdan foydalanib, yana bir bor jannatmakon Vatanimiz mustaqilligi kuni, hurriyat bayrami, qutlug‘ ayyom bilan siz azizlarni, siz orqali barcha oila-aʼzolaringizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman. Ilohim Yangi O’zbekistonimiz Taraqqiyot sari yuksak marralarni bosib o’taversin, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

 

T.Teshabayev

Toshkent moliya instituti rektori

11:48 / 2023-08-31
Success helper
Success warning