“Moliya tizimini rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari va istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi
2023-yil 24-may kuni Toshkent moliya institutida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan iqtisodchi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Hikmat Sobirov tavalludining 100-yilligiga bagʻishlangan “Moliya tizimini rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari va istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.
Anjuman 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish, moliya sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha strategik vazifalarni belgilab olish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi doirasida oliy taʼlimni modernizatsiya qilish, ilmiy salohiyatni oshirish, taʼlim va fanni rivojlantirish yoʻlida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil qilindi.
Anjumanning asosiy maqsadi – davlat moliyasi nazariyasi va amaliyotining zamonaviy muammolari va yechimlari; davlat byudjetini shakllantirish va ijro etishda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashning ustuvor yoʻnalishlari; ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarda muqobil moliyalashtirishdan foydalanish istiqbollari; moliya tizimini rivojlantirishda innovatsion moliyaviy texnologiyalarning oʻrni va global moliya tizimining zamonaviy tendensiyalari; Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning moliyaviy masalalari boʻyicha xalqaro miqyosda olimlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda dolzarb muammolarni muhokama qilish va ilmiy asoslangan taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Xalqaro anjuman faoliyatida mahalliy oliy taʼlim tashkilotlari bilan bir qatorda, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi, Belorus, Tojikiston, Qozogʻiston va boshqa davlatlar iqtisodchi olimlari, ilmiy izlanuvchilari va iqtidorli talabalar ishtirok etmoqda. Shuningdek, anjuman ishida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik Palatasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, uning huzuridagi Byudjet-soliq ilmiy tadqiqotlari instituti mutaxassislari mamlakat moliya tizimini mustahkamlash hamda xalqaro doirada global moliyaviy munosabatlarni takomillashtirish borasidagi ilmiy maʼruzalari bilan qatnashmoqlar.
Bu yilgi anjuman oʻzining moliya nazariyasi va amaliyotiga beqiyos hissa qoʻshgan ilmiy ishlari bilan, koʻp yillik halol va sermahsul mehnati bilan, tarbiya qilgan shogirdlari va Oʻzbekiston moliyasi tarixiga taalluqli ilmiy merosi bilan institutimiz tarixida oʻchmas iz qoldirgan olim, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan iqtisodchi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sobirov Hikmat Raximovich tavalludining 100-yilligiga bagʻishlanganligi bilan ayniqsa ahamiyatlidir.
Hikmat Raximovich Sobirov haqida soʻz borar ekan, “katta iqtidorga ega va oʻtkir zehnli, aql-idroki baland, oʻta madaniyatli, oʻqimishli inson” gavdalanadi. Basavlat tashqi koʻrinishida xotirjamlik, ogʻir-vazminlik, sipolik, donishmandlik aks etib turadigan oliyjanob bu inson katta hayotiy yoʻlni bosib oʻtib, fanga, moliya tarixini oʻrganish ilmiga, farzandlariga, nabiralariga, qolaversa, izdoshlari va shogirdlariga boy hayotiy tajriba, moliya nazariyasi va tarixiga oid nodir asarlar, oʻlmas ilmiy meros qoldirdi.
Anjumanda professor Sobirovning farzandlari tomonidan tayyorlanib, nashr etilgan “Ibratli umr yoʻllari” deb nomlanuvchi tanlangan asarlar toʻplamining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Olimning farzandlari ushbu nodir asarlar toʻplamini institut jamoasiga tuhfa etar ekan, Oʻzbekiston hududida moliyaviy munosabatlar va davlat moliyasining paydo boʻlishi va rivojlanishini oʻrganish istagida boʻlgan izlanuvchilarga ushbu kitob munosib ilmiy manba boʻlib xizmat qiladi, deb umid bildirdilar.
Anjumanda soʻz olgan institut rektori Teshabayev Toʻlqin Zakirovich: “Ushbu “Ibratli umr yoʻllari” deb nomlangan kitobni varaqlar ekanman, institutimizning nafaqat mamlakat iqtisodiyoti uchun malakali moliyachi mutaxassislarni tayyorlaydigan yetuk maktab, balki zabardast olimlarni yetishtirib bergan muqaddas va muazzam maskan ekanligidan faxrlandim. Domlaning hayoti, ota-buvalari, oilasi haqidagi noyob maʼlumotlarni, Turkiston va Oʻzbekiston moliyasi tarixi borasidagi nodir materiallarni, “Davlat moliyasi tarixi” deb nomlangan yirik monografik asarlarini oʻrganib chiqib, toʻgʻrisi, domla bilan birga ishlash, suhbatdosh boʻlish, oʻgitlaridan baxramand boʻlish baxtiga musharraf boʻlmaganimdan afsuslandim. Ammo bugungi tezkor davrda ustozni xotirlab, hurmat koʻrsatayotgan ustozning izdoshlari va shogirdlariga, ushbu toʻplamni tayyorlab, oʻquvchilarga tuhfa qilishda jonbozlik koʻrsatgan va otasining nomini sharaflab, xotirasiga izzat-ikrom koʻrsatayotgan farzandlariga oʻzimning chuqur minnatdorchiligimni bildiraman va, oʻz navbatida, bunday tadbirlar ilmga sadoqat bilan xizmat qilish xissini yoshlar qalbi va shuuriga singdirishda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlishiga ishonaman”, deb taʼkidladi.
Anjuman oʻz ishini shoʻbalarda davom ettirdi. Anjuman natijalariga koʻra, davlat moliyasini takomillashtirish, iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlarda muqobil moliyalashtirish manbalarini kengaytirish, innovatsion moliya texnologiyalaridan keng foydalanish, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning moliyaviy negizlarini mustahkamlashga qaratilgan ilmiy xulosalar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.