“Sug‘urta va pensiya ishi” kafedrasining “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasidagi filialida navbatdagi amaliy mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi
“Sug‘urta va pensiya ishi” kafedrasi tomonidan ta’lim sifatini oshirish, sug‘urta sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda bu borada ta’lim va amaliyot o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu jumladan, “Sug‘urta va pensiya ishi” kafedrasi tomonidan “INNOWEEK.UZ-2023” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida tadbirlar tashkil etildi.
2023-yil 21-oktyabr kuni Soliqlar va sug‘urta fakultetining “Sug‘urta ishi” ta’lim yo‘nalishida o‘qiydigan 1-kurs SS-61/23 va 3-kurs SS-90/21 guruhlari talabalari “Sug‘urta va pensiya ishi” kafedrasi dotsenti O.Yuldashev hamrohligida “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasidagi kafedra filialida tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotda qatnashdilar.
Kompaniyaning bosh buxgalteri o‘rinbosari I.Qaxxorov talabalarga “Sug‘urta zaxiralari tushunchasi, turlari va ularni shakllantirish” mavzusida qiziqarli taqdimot namoyish etdi. Taqdimot jarayonida sug‘urta zaxiralarining mohiyati va turlari, har bir sug‘urta turi bo‘yicha zaxiralar shakllantirish va ularni investitsiya ob’ektlariga joylashtirish tartibi, sug‘urta zaxiralarining kompaniya buxgalteriya hisobida aks ettirilishi, hisobga olinishi va hisobdan chiqarilishi, sug‘urta zaxiralarini shakllantirishda aktuar hisoblarning o‘rni kabi masalalar atroflicha yoritib berildi. Interfaol va savol-javob tarzida o‘tkazilgan ushbu amaliy mashg‘ulot talaba-yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
So‘zimizning so‘ngida ta’kidlash mumkinki, “Sug‘urta va pensiya ishi” kafedrasi bundan keyin ham ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan tadbirlarni yuksak darajada tashkil etishda, “InnoWeek.Uz-2023” – Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida tegishli tadbirlarni amalga oshirishda davom etadi.