“Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda sug‘urta faoliyatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tdi
2022-yil 27-iyun kuni Toshkent shahridagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasining konferensiyalar zalida “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda sugʻurta faoliyatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.
Mazkur xalqaro anjuman Toshkent moliya instituti, “Oʻzbekinvest” eksport-import sugʻurta kompaniyasi oʻrtasidagi tuzilgan “Anglashinuv memorandumi” doirasida tashkil etildi.
Mazkur anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida” Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, xususan, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash va uning jozibadorligini oshirish, eksportchi korxonalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash tizimini faol davom ettirish orqali respublika eksport salohiyatini oshirishda moliya sektorining muhim tarkibiy qismi boʻlgan sugʻurta faoliyatining rolini yanada oshirish, yuridik va jismoniy shaxslarga sifatli sugʻurta xizmatlarini koʻrsatish muhim ekanligi taʼkidlandi.
Konferensiyaning maqsadi – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda sugʻurta faoliyatini rivojlantirish istiqbollariga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Mazkur maqsadga erishishda konferensiya ishida resurslar uchun shafqatsiz kurash borayotgan davrda iqtisodiyotning real sektorini izchil rivojlantirish, tashqi va ichki investitsiyalarni jalb qilishni kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni sugʻurta yoʻli bilan himoyalashning xalqaro tajribasini Oʻzbekistonda ijodiy qoʻllash, fuqarolarga koʻrsatiladigan sugʻurta xizmatlari sifatini oshirish va koʻlamini kengaytirish, aholining “sugʻurta madaniyati”ni oshirish, sugʻurta bozorini tartibga solishning prudensial normalarini takomillashtirish hamda sugʻurta faoliyatini raqamlashtirish va axborot xavfsizligini taʼminlash borasida qizgʻin muhokamalar asosida fikr almashish, taklif va tavsiyalar ishlab chiqish kabi vazifalar belgilangan.
Konferensiyaning yalpi yigʻilishida, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi direktori K.F. Talipov, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining oʻrinbosari S.M. Buzrukxonov tabrik soʻzi bilan ishtirok etdilar. Shuningdek, Toshkent moliya instituti rektori T.Z. Teshabayevning “Yuqori malakali kadrlar – sugʻurta bozori raqobatbardoshligini oshirishning muhim sharti”, K.F. Talipov “Oʻzbekiston sugʻurta bozorining rivojlanishi”, Turkiya sugʻurta, qayta sugʻurta va pensiya kompaniyalari assotsiatsiyasi bosh kotibi, Ozgur Obali “Sugʻurta sohasida davlat va xususiy sektor hamkorligining imkoniyatlari – ilgʻor tajriba”, “Oʻzbekinvest” eksport-import sugʻurta kompaniyasi bosh direktori, R.S. Azimov “Oʻzbekiston sugʻurta bozori rivojlanishining muammolari va istiqbollari”, “SK Sberbank” MCHJ bosh direktorining oʻrinbosari - risklar boʻyicha direktor, Rossiya aktuariylar gildiyasi boshqaruvi raisi N.V. Novikov “Boshqaruvga yoʻnaltirilgan risk va sugʻurta kompaniyalarini tartibga solishga yoʻnaltirilgan risk”, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, K.A. Sharipov “Sugʻurta sohasida kadrlar tayerlashda Toshkent davlat iqtisodiyet universitetining oʻrni”, Krakov iqtisodiyot universiteti (Polsha) professori Grzegorz Strupezewski “Kiber sugʻurta risklarni boshqarishning instrumenti sifatida”, Qozon Federal universitetining Boshqaruv, iqtisodiyot va moliya instituti direktori N.G. Bagautdinova “Rossiya sugʻurta xizmatlari bozoriga pandemiyaning taʼsiri”, Oʻzbekistonning sugʻurta bozori professional ishtirokchilari assotsiatsiyasi Kengashi raisi O.N. Xalilov “Global tahdidlar va Oʻzbekiston sugʻurta bozori”, Belorussiya davlat iqtisodiyot universiteti moliya kafedrasi mudiri T.A. Verezubova “Belarus Respublikasi sugʻurta bozori va zamonaviy tahdidlar sharoitida uni rivojlantirish istiqbollari” mavzularida maʼruzalar bilan ishtirok etdilar.
Konferensiya ishi kunning ikkinchi yarmida toʻrtta yoʻnalish boʻyicha shoʻbalarga boʻlingan holda davom ettirildi. Respublika Hukumati tomonidan sugʻurta bozorini tubdan isloh qilish, davlatga tegishli yirik sugʻurta kompaniyalarini transformatsiya qilish, sugʻurta kompaniyalari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, sugʻurta bozori professional ishtirokchilari faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilishning xalqaro standartlarini joriy qilish, eng muhimi, sugʻurta mahsuloti isteʼmolchilarining manfaatlarini ishonchli himoyasini taʼminlash borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilayotganligi xususida toʻxtalib oʻtildi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston iqtisodiyotini jahon iqtisodiyotiga tobora integratsiyalashuvi, global xavf-xatarlarning oshib borishi, xalqaro sugʻurta hamjamiyati, sohaning ekspertlari va tahlilchilari oldiga hal etilishi dolzarb ahamiyatga ega boʻlgan qator vazifalarni ilgari surayotganligi ushbu xalqaro anjumanda maʼruza bilan chiqish qilgan xorijlik olim va mutaxassislar tomonidan alohida tilga olindi.
Konferensiya ishida 200 ga yaqin soha mutaxassislari, ekspertlari va tahlilchilari ishtirok etdi. Jumladan, Polsha, Turkiya, Rossiya, Belorussiya, Qozogʻiston va Tojikiston kabi davlatlardan olim va mutaxassislarning oʻz maʼruzalari bilan chiqishlari konferensiya qatnashchilarida chuqur taassurot qoldirdi.
Konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va uning huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari uyushmasi, “Oʻzagrosugʻurta”, “Kafolat” va “Gross Insurance” kabi 40 dan ortiq sugʻurta kompaniyalarining rahbarlari va xodimlari ishtirok etdi.
Shuningdek, konferensiyada Toshkent moliya instituti, Toshkent shahridagi xalqaro Vestminister universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Bank-moliya akademiyasi professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchilari va talaba yoshlari qatnashdi.
Konferensiya doirasida chet ellik mehmonlarni Samarqand va Buxoro shaharlarining meʼmoriy obidalari bilan tanishtirish koʻzda tutilgan.