Toshkent moliya institutida “Oʻzbekistonda islom moliyasi istiqbollari” mavzusidagi master-klass oʻtkazildi
Joriy yilning 2-sentyabr kuni Toshkent shahrida oʻtkazilgan Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik anjumani yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekistonning islom taraqqiyot banki bilan hamkorligi, istiqboldagi muhim masalalar yuzasidan qator vazifalarni amalga oshirilishi belgilab berildi. Shuningdek ushbu tadbir doirasida Islom taraqqiyot banki Oʻzbekistonda Islom banki va moliya sohasining huquqiy asoslarini ishlab chiqishni qoʻllab-quvvatlash uchun texnik yordam granti ajratishi belgilangan.
Islom moliyasining respublikamiz iqtisodiyotini rivojlantirishdagi rolini hisobga olib, belgilangan vazifalarni bajarish va respublikamizda islomiy moliyalashtirishni joriy qilish uchun huquqiy-meʼyoriy asoslarni shakllantirish hamda malakali mutaxassislarni tayyorlashni ragʻbatlantirish maqsadida, joriy yilning 5-oktyabr kuni Toshkent moliya institutida Islom taraqqiyot banki mutaxassislari ishtirokida “Oʻzbekistonda islom moliyasi istiqbollari” mavzusidagi master-klass tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha islom korporatsiyasi maslahat-xizmat boʻlimi yetakchi mutaxassisi, MDH davlatlari boʻyicha loyiha boshqaruvchisi Muzaffar Muxammadaminovich Nizomiddinov, Islom taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xusan Xasanov, Islom taraqqiyot banki mutaxassisi Aziz Gʻulomov, Islamic Business and finance konsalting kompaniyasi asoschisi va direktori Jaxongir Imomnazarov, ilmiy izlanuvchilar, olimlar, professor oʻqituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.
Master-klass Islom moliyasi asoslari va tamoyillari, Islom moliyasi tarixi, Islom moliyasida pulning mohiyati va vazifasi, Islom moliyasi xizmatlari sanoati va Islomiy moliyaviy shartnomalar, Islom bankchiligi va anʼanaviy bankchilik, Oʻzbekistonda Islom moliyasini joriy etish kabi dolzarb mavzularni qamrab oldi.
Tadbir yakunida Oʻzbekistonda islomiy moliyalashtirishni joriy qilish masalalarini ilmiy-tadqiq qilish yoʻnalishlari belgilandi va bu kabi amaliy tadbirlar Mamlakatimizda Islom moliyasini keng rivojlanishi, yetishib chiqayotgan kadrlar Islom moliyasini chuqurroq oʻrganishi va tadqiq etishida muhim axamiyat kasb etishi qayd etildi.
TMI matbuot xizmati