Islom Taraqqiyot Banki va Oʻzbekiston oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikning yangi qirralari
I.f.d., professor T.Z.Teshabayev,
TMI rektori
Xalqaro moliya-kredit tashkilotlari bilan, shu jumladan, Islom taraqqqiyot banki (ITB) bilan oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish Oʻzbekiston Respublikasida davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida xalqaro moliyaviy institutlar pul mablagʻlarini jalb qilish orqali moliyalashtiriladigan investitsiyaviy loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash, shu jumladan Islom taraqqiyot bankining 1,0 milliard AQSH dollaridan boʻlmagan miqdorda kreditlarini jalb qilishni koʻzda tutadigan investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalasini ishlab chiqish orqali Oʻzbekiston Respublikasi va Islom taraqqiyot banki oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini saqlab qolishga qaratilgan muhim chora-tadbir sifatida eʼtirof etilgan.
Taʼkidlash joizki, iqtisodiy islohotlarning samarasi oʻlaroq, Oʻzbekistonning xalqaro reytinglarda mavqeining koʻtarilayotganligi uning xalqaro moliya-kredit tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorligini yanada kengaytirish uchun zamin yaratmoqda. Xususan, Jahon bankining “Biznesni yuritish” xalqaro reytingida Oʻzbekiston besh yil ichida 141-oʻrindan 69-oʻringa koʻtarildi.
Xalqaro reyting agentliklarining eng yuqori reyting bahosiga (AAA) ega boʻlgan ITB banki jahon moliya tizimida oʻz nufuziga ega boʻlgan xalqaro moliya-kredit tashkiloti hisoblanadi. Eʼtirof etish joizki, ushbu xalqaro tashkilotning 46-yillik yigʻilishini 2021-yilning 2-4-sentyabr kunlarida Toshkent shahrida oʻtkazilishi ITB tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga boʻlgan ishonch va eʼtiborning namoyon boʻlish shakli hisoblanadi.
Yangilanayotgan Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlarga hamohang tarzda mazkur yigʻilishda bir qator dolzarb masalalarning muhokama etilganligi diqqatga sazavordir, jumladan:
- kornavirus pandemiyasidan (COVID-19) keyingi davrda tiklanishni jadallashtirish;
- kambagʻallik kuchayib ketishiga qarshi kurashishi va aholi farovonliligini oshirish;
- aʼzo mamlakatlarda “yashil iqtisodiy oʻsish”ga koʻmaklashish.
Hozirgi davrda, ITBga aʼzo mamlakatlarda yer shari aholisining 19 foizi yashaydi. Yer yuzidagi quruqlik maydonining 25 foizi, qishloq xoʻjaligi yer maydaonlarining 29 foizi, qayta tiklanadigan suv resurslarining 13,5 foizi ushbu mamlakatlarning hissasiga toʻgʻri keladi. Biroq, Birlashgan millatlar tashkilotining metodologiyasi boʻyicha mazkur mamlakatlarning qariyb yarmisi (26 ta davlat) dunyoning oʻta qashshoq mamlakatlari hisoblanadi.
Mazkur anjuman ITB va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikning yangi qirralarini belgilab berdi. Xususan, ITB ishtirokida Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamgʻarmasi tuzildi. Jamgʻarmaning boshlangʻich ustav kapitali 100 million AQSH dollari boʻlib, unda ITBning ulushi 20 million dollarni, Oʻzbekiston hukumatining ulushi 35 million dollarni va Saudiya Arabistoni investorlarining ulushi 45 million dollarni tashkil etadi.
Jamgʻarma kichik, oʻrta va yirik subyektlarni qoʻllab-quvvatlash orqali 100 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlarini yaratish imkonini beradi.
Bundan tashqari, ITB bilan “Obod qishloq” dasturi doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarining qishloq infratuzilmasini modernizatsiya qilish boʻyicha umumiy qiymati 200 million dollar boʻlgan kredit shartnomasi imzolandi.
Shuningdek, Oʻzbekistonda onkologik xizmatlarni rivojlantirish loyihasini qoʻllab-quvvatlash uchun 80 million dollar qarz shartnomasi imzolandi. Trastbank esa, Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi bilan 15 mln dollarlik tashqi savdoni moliyalashtirish boʻyicha kredit liniyasi ochish toʻgʻrisida kelishuvga erishdi.
Shunisi ahamiyatliki, ITBning 46-yillik yigʻilishida bank aʼzolari boʻlgan musulmon mamlakatlari iqtisodiyotini pandemiyadan keyingi davrda tiklash uchun umumiy qiymati 1,2 milliard dollar boʻlgan 30 ta kelishuv maʼqullandi. Ana shu moliyalashtirishning 330 million dollari (27,5%) Oʻzbekistonga ajratiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi 2003-yilning sentyabr oyidan boshlab ITBning toʻla huquqli aʼzosi hisoblanadi. Shu davrdan boshlab, Toshkent shahrida ITBning vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda.
OʻzbekistonRespublikasining ITBga aʼzoligining huquqiy asosi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi VazirlarMahkamasining 2013-yil 27-avgustdagi 371-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Islom Taraqqiyot bankiga aʼzoligi toʻgʻrisida”gi qarori hisoblanadi.
Oʻzbekiston Rsepublikasi Prezidentining 2019-yil 5-martdagi PQ-4224-sonli “Islom taraqqiyot banki guruhi va Arab muvofiqlashtirish guruhi jamgʻarmalari bilan sheriklikni yanada kengaytiriish va chuqurlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ITB bilan hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol oʻynadi.
Mazkur Qarorga muvofiq, Oʻzbekiston va ITB oʻrtasidagi uzoq muddatli sherikchilikning asosiy yoʻnalishlari qilib quyidagilar belgilandi:
- energetika, yoʻl-transport, kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, uy-joy qurilishi, bank-moliya tizimini hamda kichik va xususiy tadbirkorlik sektorini rivojlantirish, sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimlarini takomillashtirish hamda respublika tarmoqlari va hududlarini kompleks rivojlantirishning boshqa yoʻnalishlari boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga ITB guruhining, shu jumladan, Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha islom korporatsiyasi (XSRBIK), Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi (XISMK), Investitsiyalar va eksport kreditlarini sugʻurtalash korporatsiyasi (IEKSIK), Islom tadqiqot va taʼlim instituti mablagʻlarini jalb qilish;
- bank sektorida islomiy moliyalashtirish asoslarini joriy etish, davlat-xususiy sherikligi mexanizmlarini, jumladan vaqf-jamgʻarmalarni tashkil etish yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash dasturlarini birgalikda ishlab chiqish va Oʻzbekistonda tatbiq qilish;
- respublika tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, ularning eksport imkoniyatlarini mustahkamlash uchun XSRBIK, XISMK va IEKSIK moliyaviy resurslari va mahsulotlarini faol jalb etish;
- Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi salohiyatini oshirish;
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash.
Afsuski, mamlakatimizning ITBning ustav kapitalidagi ulushi uning iqtisodiy salohiyatiga mos emas. Oʻzbekistonning ITBning ustav kapitalidagi ulushi 0,03 foizni tashkil etadi.
Eʼtirof etish joizki, islom moliyasini joriy qilish Oʻzbekiston moliya tizimini rivojlantirishning dolzarb masalalaridan biri boʻlib turibdi. Bu esa, oʻz navbatida, ITB bilan islom moliyasining qonunchilik asoslarini yaratishda hamkorlik qilish zaruriyatini yuzaga keltiradi. Ushbu hamkorlikni amalga oshirishda ITBning Islom biznesi va moliyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi muhim rol oʻynaydi.
Mazkur Jamgʻarma 2010-yil 2-fevralda tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi boʻlib, Rossiya Federatsiyasi va MDH (Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi) mamlakatlarida islom biznesi va moliyalarini rivojlanishi va takomillashishiga koʻmaklashish hisoblanadi.
Shu oʻrinda eʼtirof etish joizki, ITBning 46-yillik yigʻilishida ITB tomonidan Oʻzbekistonda Islom banki va moliya sohasining huquqiy asoslarini ishlab chiqishni qoʻllab-quvvatlash uchun 265 ming AQSH dollari miqdorida texnik yordam granti ajratiladigan boʻldi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi uchun ITBning Islom tadqiqot va oʻquv instituti bilan hamkorlik qilish muhim amaliy ahamiyat kasb etadi. Buning sababi shundaki, islom moliyasini respublikamiz amaliyotiga joriy qilish aholining bu boradagi moliyaviy savodxonligini oshirish zaruriyatini yuzaga keltiradi.
Islom tadqiqot va taʼlim instituti, musulmon mamlakatlarida aholining savodxonlik darajasini oshirish va kasbiy malakasining oʻsishiga koʻmaklashish maqsadida, 1981-yilda tashkil etilgan.
XX asrning 80-yillarida Islom instituti tomonidan kambagʻallikni qisqartirish maqsadida stipendiyalar dasturini moliyalashtirish joriy etildi. 2020-yilning boshiga kelib, ITBga aʼzo mamlakatlardan va aʼzo boʻlmagan mamlakatlarning musulmon fuqarolaridan 17 mingga yaqin talaba va olimlar Institut stipendiyasini olishdi.
Islom tadqiqot va taʼlim institutining taʼlim dasturlarini moliyalashtirishning umumiy hajmi 134 mln. AQSH dollarini tashkil etadi.
ITB va Oʻzbekiston oʻrtasidagi taʼlim sohasidagi hamkorlik boʻyicha ilk qadamlar qoʻyilmoqda. Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi bilan islom rivojlanish smart sinfi yaratish loyihasi boʻyicha 51535 AQSH dollari miqdorida shartnomalari imzolandi.
Oʻzbekiston Respublikasi amaliyotiga islom moliyasini joriy etilishi islomiy moliyaviy vositalardan va islom sugʻurtasidan keng koʻlamda foydalanish imkoniyatini yuzaga keltiradi. Buning natijasida, Islom investitsiyalarni sugʻurtalash va eksportni kreditlash korporatsiyasi bilan hamkorlik qilish imkonini yuzaga keladi.
Investitsiyalar va eksport kreditlarini sugʻurtalash korporatsiyasi ITBga aʼzo boʻlgan mamlakatlar oʻrtasidagi tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va diversifikatsiya qilish maqsadida, 1994-yilda tashkil etilgan. Keyinchalik uning faoliyati yoʻnalishi eksportning oʻsishiga koʻmaklashish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro savdo va sugʻurtada islomiy prinsiplarni qoʻllanilishiga koʻmaklashish hisobidan kengaydi.
Hozirgi davrda Islom investitsiyalarni sugʻurtalash va eksportni kreditlash korporatsiyasi ITBga aʼzo mamlakatlarning ixtisoslashtirilgan muassasalari bilan, shu jumlada, eksport agentliklari bilan faol hamkorlik qiladi, tadbirkorlik riskini nazorat qilish instrumentlarini taklif qiladi. Ammo, korporatsiya shariat qoidalariga toʻgʻri kelmaydigan tijorat shartnomalarini sugʻurta qilmaydi.
Taʼkidlash joizki, ITB barqaror resurs bazasiga ega. Ustav kapitali ITBning barqaror resurs manbai boʻlgani holda, u investitsion faoliyatdan daromad oladi va jahon kapitallar bozoridan resurslar jalb qiladi. Bundan tashqari, ITB xalqaro moliya-kredit tashkilotlari bilan investitsion hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Jumladan, ITB 2011-yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Osiyo taraqqiyot banki bilan, 2018-yilda Jahon banki guruhi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan investitsion hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.
Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning zamonaviy bosqichida investitsiyalarni moliyalashtirishning istiqbolli shakli sifatida qaralmoqda. Shu sababli, 2019-yilda alohida qonun — Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat-sheriklik toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilindi.
Mazkur Qonunga koʻra, davlat-sheriklik toʻgʻrisidadagi bitim doirasida xususiy sherikning va kreditorning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi qoʻllab-quvvatlashning subsidiya, aktivlar va mol-mulk tarzidagi quyilmalar, byudjet ssudalari, byudjet grantlari kabi turlarini taqdim etadi.
Shu jihatdan olganda, ITBning davlat-sheriklik mexanizmi Oʻzbekiston uchun amaliy ahamiyat kasb etadi. Bunda ITB ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan loyihalar uchun davlat-sheriklik asosida moliyaviy resurslarini taqdim etadi.
Shunisi ahamiyatliki, ITB qisqa muddatli moliyalashtirishni amalga oshirishda Murabaxa shaklidan keng foydalanadi. Murabaxa sotib olish va qaytariladigan lizing boʻlib, ishlab chiqarish korxonalarining aylanma mablagʻlarga, shu jumladan, katta hajmdagi xom-ashyoga boʻlgan ehtiyojini 24 oygacha muddatga beriladigan moliyalashtirish asosida qondirish imkonini beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bagʻishlangan marosimdagi nutqida eʼtirof etganlaridek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi kabi xalqaro tuzilmalar bilan aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichda davom ettirilayotganligining yorqin namoyondasi sifatida eʼtirof etish mumkin.