“JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT” MAVZUSIDA UCHRASHUV O‘TKAZILDI
Joriy yilning 14-noyabr kuni Toshkent moliya instituti 1-maruzalar zalidada Vazirlar mahkamasi vakillari, institut faollari va talabalari ishtirokida talabalarning ilg‘or g‘oya, taklif va tashabbuslari bilan yaqindan tanishish, ularning muammolarini hal qilish yuzasidan “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita mas'ul xodimi Meliqo'ziyev Jahongir Valijonovich, institut Yoshlar masalalari va maʻnaviy-maʻrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori K.Karimova hamda rektor maslaxatchisi O.Normurodov ishtirok etdi.
Unda davlat va din munosabatlari, islom dinining asl mohiyati, radikal, ekstremistik g‘oyalar to‘riga ilinishning ayanchli oqibatlari, mazkur jarayonlarda Prezidentimiz tomonidan eng yuqori minbarlar orqali ilgari surib kelinayotgan “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish” g‘oyasining ahamiyati tobora ortib borayotgani ta’kidlandi.
Tadbir davomida tashrif buyurgan tyutor va talabalarga “Jar yoqasida” va "Soxta da’volar" nomli ibratli kinofilmlari namoyish etildi. Mazkur filmlarda talaba-yoshlar giyohvandlik, mutaassiblik va terrorning qanchalik xatar va xavf manbai ekanligi to‘g‘risidagi aniq tasavvurga ega bo‘ldilar.
Kinofilm namoyishidan soʻng, “Jaholat”, “Ma’rifat” tushunchalari, “Jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyili o‘rtasidagi tinchlik va barqarorlik, globallashuv jarayoni, “ommaviy madaniyat”, ma’rifatparvar, tinchlikparvar, butun insoniyatga faqat yaxshilikni ta’lim berguvchi Islom dini xususida batafsil ma’lumotlar berilib, fikr almashildi.
Shuningdek, tadbirda Islom dinini niqob qilgan buzg‘unchi oqim va harakatlarning g‘ayriislomiy faoliyatlari mohiyati aniq faktlar asosida ochib berildi. Uchrashuv so‘ngida talabalarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.